Aksilqaddofiy kuchlar "Sirt nazoratini to‘la qo‘l kiritishdi"

Фото муаллифлик ҳуқуқи none
Image caption Liviya O‘tish davri Milliy Kengashi kuchlari g‘alabani tantana qilishmoqda

Muxbirlar va guvohlarning xabar qilishlaricha, Sirt shahri nazorati to‘liq Liviya O‘tish davri Milliy Kengashi kuchlari qo‘liga o‘tgan.

Sirt Liviyadagi qaddofiychilar in qurgan so‘nggi shaharlardan biri edi.

Muxbirlarga ko‘ra, payshanba kuni olib borilgan oxirgi jang 90 daqiqalar davom etgan.

Hukumat kuchlari Muammar Qaddofiyning ona shahri bo‘lgan Sirt uchun bir necha haftadan beri qaqshatqich janglar olib borishayotgandi.

Qo‘shinlar Sirt markazida merganlarning qattiq qarshiliklariga duch kelishgan.

Ammo, payshanba kuni ertalab Sirt sharqidagi harbiy amaliyotlarga boshchilik qilayotgan qo‘mondonlardan biri Reuters axborot agentligiga: "Sirt ozod qilindi", deb aytgan.

"U yerda Qaddofiy kuchlari qolmadi. Biz qochib ketayotgan jangchilarni ta‘qib qilmoqdamiz", deydi Polkovnik Yunus al-Abdali.

Asosheyted Pressga ko‘ra, kamida 16 nafar qaddofiyparast jangchi o‘qdorilar va qurol-yaslahalar ortilgan avtomobillar bilan birga qo‘lga tushirilgan.

Hali hamon Tripoli janubi-sharqidagi Bani Valid shaharchasida ma‘lum sondagi Qaddofiyga sodiq kuchlar bilan janglar davom etmoqda.

Liviya O‘tish davri Milliy Kengashi Sirt qo‘lga kiritilganidan keyingina mamlakat ozod bo‘lganini e‘lon qilishi haqida aytgandi.

O‘tgan avgust oyida isyonkor kuchlari Tripoliga kirib kelisharkan, Liviyani 42 yil boshqargan Polkovnik Qaddofiy qudratdan ag‘darilgandi.

Hozir uning qayerda ekani noma‘lum qolmoqda. Muammar Qaddofiyning ba‘zi oila a‘zolari mamlakatni tark etishgan va ayrimlari yashirinib yurishgani aytiladi.