"Rossiyada har uch muhojirdan bittasi rus tilini bilmaydi"

Rossiya Muhojirlik Xizmati rahbari Konstantin Romodanovskiyning aytishicha, mamlakatiga kelayotgan muhojirlarning o‘ttiz foizga yaqini rus tilida gapirolmaydi.

"Agar Rossiyada to‘qqiz milliondan ortiq muhojir bo‘lsa, ularning qariyb 29 foizi rus tilidan bexabar", deydi janob Romodanovskiy.

Tashkilot ma‘lumotlariga qaralsa, mehnat muhojirlarining aksariyati Rossiyaga MDH davlatlaridan kelishadi.

Shu yil yoz oyida Rossiya Muhojirlik Xizmati muhojirlar uchun rus tilidan sinov tashkil etilishi, mamlakatda doimiy yashash huquqini qo‘lga kiritmoqchi bo‘lganlaridan esa, rus tilidan imtihon olinishini e‘lon qilgandi.

Biroq mutaxassislar yangi tartibni tadbiq etish oson bo‘lmasligini aytishadi.

Ularning ishonishicha, yangi tartib Rossiyada korruptsiya bozorining kengayishiga xizmat qiladi, xolos.

Mutaxassislarga ko‘ra, ustiga ustak, qanchalik mehnatda bandligi va ishlash shart-sharoitlari nazarda tutilsa, Rossiyadagi mehnat muhojirlarini rus tilini o‘rgatishga jalb etishning o‘zi ham oson bo‘lmaydi.

Ammo poytaxt Moskvada yashab, mehnat qilayotgan o‘shlik Farida Rossiya Muhojirlik Xizmatining qarorini yoqlashini aytadi.

Farida agar o‘zidan rus tilidan imtihon yoki sinov topshirishi so‘ralsa, ulardan bemalol o‘ta olishiga ko‘zi yetishini ham ta‘kidlaydi.

"Rus tilini umuman bilmaydiganlar bor bu yerda. Do‘konga non sotib olish uchun kirib, bitta "xleb", deb aytolmaydiganlar bor. Bundan ko‘ra, rus tilini o‘rgangan yaxshi emasmi...Chunki til bilgan yaxshi-da", deydi u.

"Birinchidan, rus tilini bilmasangiz, yaxshi ish topolmaysiz. Mahalliy aholi bilan muloqot qilolmaysiz. Hatto, farrosh bo‘lib ishlash uchun ham ozroq til bilishingiz kerak-da. Aks-holda, "piyoda-paypoq" bo‘lib ketasiz. Odamiga qarab-da. Shunaqa yomon odamlar borki, hatto, til bilsangiz ham, sizni gap bilan yerning tagiga kiritib yuboradi".

Suhbatdoshimga ko‘ra, Rossiyada muhojirlarning rus tilini o‘rganishlari uchun so‘nggi yillarda keng imkoniyatlar yaratilgan.

"Uch oydan olti oygacha tekinga rus tilini o‘rganish mumkin, tekinga maxsus kitoblar, lug‘atlar beradi", deydi u:

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди

Ruxsatnoma muammosi

Hozirda Rossiyaga kelgan mehnat muhojirlaridan ishlash uchun maxsus ruxsatnoma olish ham talab qilinadi.

Ushbu ruxsatnomani olish uchun muhojirlardan yashayotgan mintaqalariga ko‘ra, 15 mingdan 30 ming rublgacha to‘lash va yashash joylarida ro‘yxatdan o‘tish talab qilinadi.

O‘tgan yili Jahon banki Rossiya hukumatini mamlakatga mehnat muhojirlarini ko‘proq jalb etishga chaqirgan edi.

Jahon bankiga ko‘ra, Rossiyada tobora qisqarayotgan ishchi kuchining o‘rnini qoplash uchun yaqin 20 yilda 12 million mehnat muhojiri jalb etilishi lozim bo‘ladi.

Bank mutaxassislari fikrlaricha, Rossiya aholisi soni kamayib kamayib borayotgani iqtisodda salbiy aks etishi mumkin.

Rossiya rasmiylari mehnat muojirlari jalb etilishi lozimligini tan olishsa-da, jamiyatda muhojirlarga bo‘lgan munosabat hamon murakkabligicha qolayotir.

Yana bir mushkulot

Irqchilik asosida muhojirlarga hujumlar soni ortib bormoqda.

Asosan Markaziy Osiyo mamlakatlaridan kelgan mehnat muhojirlari Rossiyada aksariyat holatlarda kam ish haqi to‘lanadigan "qora ishlar"ni bajarishadi va deyarli har qadamda kamsitishga duchor bo‘ladi.

Rasmiy hisob-kitoblarga ko‘ra, Rossiyadagi o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarining soni qariyb ikki millionga yetgan va ulardan aksariyatini muhojirotga pul topib, kun o‘tkazish ilinji yetaklagan.

Biroq kuzatuvchilarga ko‘ra, ularning haqiqiy soni bundan ham ko‘proq bo‘lishi ehtimoli yo‘q emas.

Mas‘ullarga ko‘ra, Rossiyada ishlayotgan o‘n million mehnat muhojirining yarmiga yaqini noqonuniy mavqe‘dadir.

Global iqtisodiy inqiroz Rossiyada mehnat muhojirlari ahvolini yanada qiyinlashtirgani aytiladi.

Hukumat o‘tgan yili Rossiya o‘z fuqarolarini ish bilan ta‘minlash, ularning huquqlarini himoya etish maqsadida muhojirlarga belgilangan kvota mikdorini ancha kamaytirgan edi.

2011 yil bo‘yicha butun Rossiya buyicha qariyb 2 million horijlikka ishlash kvotasi ajratilgan.

Mutaxasislarga ko‘ra, birgina Moskvada 2 millionga yaqin mehnat muhojirlari ishlayotgani hisobga olinsa, ushbu kvota miqdori nihoyatda kamdir.

O‘zbekiston rasmiylari chetdagi mehnat muhojirlari va ularning mamlakat iqtisodiyotidagi o‘rni borasidagi statistik ma‘lumotlarni jamoatchilikka oshkor etmaydilar.

Mustaqil iqtisodiy tahlilchilar fikricha, aynan mehnat muhojirlari oilalariga yuborayotgan pul jo‘natmalari O‘zbekistonda jamiyatdagi taranglikni yumshatuvchi omil bo‘lib xizmat qiladi.