HRW: "Sirtda qatl etilgan Qaddofiy tarafdolari jasadlari topildi"

Фото муаллифлик ҳуқуқи none
Image caption Human Rights Watchga ko‘ra, 53 jasad bir biriga yaqin alfozda taxlangan, ba‘zilarining qo‘llariga orqasiga bog‘langan holda topilgan.

Human Rights Watch inson huquqlarini himoya qilish xalqaro tashkilotining ma‘lum qilishicha, sobiq Liviya rahbari polkovnik Qaddofiyning 50 ga yaqin tarafdorlari Sirtdagi mehmonxonlardan birida otib tashlangani haqida dalillarga ega.

Tashkilotga ko‘ra, 53 jasad bir biriga yaqin alfozda taxlangan, ba‘zilarining qo‘llariga orqasiga bog‘langan holda topilgan.

Ularning taxminan bir hafta avval qatl etilgani aytilmoqda.

Jasadlar Sirtdagi "Mahari" mehmonxonasining hovlisida yakshanba kuni topilgan.

Human Rights Watchga ko‘ra, mehmoxona Misratadan kelgan aksilqaddofiy kuchlar qo‘lida bo‘lgan.

Mehmonxonaga kiraverishda va devorlarida Qaddofiyga qarshi kurashgan Misratalik bir necha brigadaning nomi ham yozilgan.

Jasadlarni ko‘rgan AFP agentligi muxbiriga ko‘ra, ko‘rinishicha ularning aksari boshidan o‘q yegan.

Human Rights Watchning aytishicha, Muammar Qaddofiy qo‘lga olingan yerda ham 95 kishining jasadi topilgan.

Sakkiz oy davom etgan qurolli to‘qnashuvlarda ikkala tomon ham inson huquqlarini poymol etish holatlariga qo‘l urganlari aytib kelingandi.

Ammo Liviya O‘tish Kengashi rahbarlari o‘z askarlari va aholini o‘ch olish harakatlariga qo‘l urmaslikka da‘vat qilganliklarini bildirganlar.

Bundan bir necha kun avval esa mamlakat sobiq rahbari Polkovnik Muammar Qaddofiy qo‘lga olinib, keyinchalik olamdan o‘tgani xabar berilgandi.

Hozirda Liviya Milliy O‘tisha Kengashi Muammar Qaddofiyning o‘limiga sabab bo‘lgan tafsilotlarni ham mufassal tekshirish borasida bosim ostida qolgan.

Liviya Milliy O‘tisha Kengashi rasmiylari muammar Qaddofiyning o‘zaro otishma natijasida halok bo‘lganligini da‘vo qilmoqdalar.