Turkiyada zilziladan omon qolganlarni qidirish jarayoni davom etmoqda

Фото муаллифлик ҳуқуқи Getty
Image caption Hozirga qadar olingan ma‘lumotlarga ko‘ra, zilzila oqibatida 200 dan ortiq kishi halok bo‘lgan.

Turkiya sharqidagi Van viloyatida yuz bergan kuchli zilzila oqibatida vayronlar ostida qolib ketganlarni qidirish ishlari jadallik bilan olib borilmoqda.

Hozirga qadar olingan ma‘lumotlarga ko‘ra, zilzila oqibatida 200 dan ortiq kishi halok bo‘lib, 1000 dan ortiq kishi jarohatlangan.

Zilzilaning kuchi Rixter shkalasi bo‘yicha 7.2 ball bo‘lgan.

Ko‘plab binolar qulab tushgan. O‘n minglab odamlar sovuq havoda tun-u kunni ko‘chalarda o‘tkazishga majburlar.

Talofotlar soni bundan ham ko‘proq bo‘lishi kutilmoqda. Bosh vazir Rajab Toyib Erdo‘g‘on mintaqaga safar qilib, vayronagarchiliklar ko‘lamini ko‘rgan.

Zilzila mahalliy vaqt bilan soat 13.41 da ro‘y bergan. Shundan so‘ng ikki kuchli qaytish, biri 5.6 ball va yana biri 6.0 ballik zilzila ro‘y berdi.

Van va yaqin atrofdagi shaharda talabalar yotoqxonasi doxil 80 ga yaqin bino qulab tushgan.

Tabiiy ofat yuz bergan yerga qo‘shimcha yordam va texnika yuborilgan bo‘lsa ham, mahalliy aholi ba‘zida qo‘llari bilan vayronalarni tozalab, ostida qolganlarni qutqarishga majbur bo‘lmoqdalar.

Van shahar hokimining aytishicha, vayronalar ostidan odamlarning yordamga iltijolari eshitilib turibdi. Turkiyalik seysmolog Po‘lat Gulkanning BBCga aytishicha, Turkiyada uylar va binolar qurilishida ko‘pda texnik qonun-qoidlarga rioya qilinmasligi ularning qulashiga sabab bo‘lgan omildir.

Van va Erjis shaharlarida suv va elektr ta‘minoti, telefon aloqasi uzilib qolgan. Yong‘inlar kelib chiqishining oldini olish maqsadida rasmiylar gaz ta‘minotini ham to‘xtatishga majbur bo‘lganlar.

Mintaqaga chodirlar, ko‘rpa-to‘shak, oziq-ovqat va ichimlik suvi jo‘natilmoqda.

Yordam yetkazish uchun harbiy uchoqlar safarbar etilgan.