Rossiyada 12 yil avval chaqaloqlarni almashtirib yuborgan shifoxona ustidan mahkama ishi bo‘lib o‘tmoqda.

Фото муаллифлик ҳуқуқи none
Image caption Ira bilan Anyani 12 yil avval shifoxonda adashtirib yuborishgan.

Chelyabinsk viloyatining Kopeysk shahrida yashovchi ikki oila mahalliy tug‘uruqxonani, 12 yil muqaddam ularning farzandlarini almashtirib yuborgani uchun mahkamaga bergan.

Haqiqat sobiq erning farzandini unga umuman o‘xshamasligini vaj qilib, aliment to‘lashdan bosh tortishi ortidan oshkor bo‘ldi.

DNK tashxisi qizaloqning nafaqat otasiga, balki onasiga ham umuman aloqasi yo‘qligini aniqlagan.

Shu yil boshida Yuliya Belyayeva o‘z turmush bilan ajralish jarayonini boshlagandi. Eri aliment to‘lashdan bosh tortdi.

Qizaloq Ira tug‘ilgan ilk kundan boshlab, u men bu qizning otasi emasman, deb da‘vo qilib kelgan ekan.

Xullas Yuliya erining ustidan mahkamaga arz qildi. Hakam ayni masalada DNK uchun tashxis amaliyotini o‘tkazinglar, deb qaror berdi va DNK natijalariga ko‘ra, ham ona va ham ota bu qizaloqqa hech bir aloqasi yo‘qligi oshkor bo‘ldi.

Фото муаллифлик ҳуқуқи none
Image caption Qizlar voyaga yetgan oilaning biri musulmon, biri nasroniy.

O‘z ko‘zlariga ishonmagan ota-ona ikki marta tashxisdan o‘tishdi. Hakam ham hayratdan dong qotib qoldi.

Shunda Yuliya 1998 yilning dekabr oyini esladi, u bilan bir xonada yana bir ayol ham qiz ko‘rgani yodiga tushadi.

Yuliya prokuroturaga arz bilan murojaat qildi. Natijada politsiya tekshiruvi shuni aniqladiki, 12 yil avval shifoxonda chaqaloqlarning qo‘liga shaxsini aniqlovchi yagona dalil sifatida bog‘lab qo‘yiladigan yorliqcha adashib ketgan ekan...

"Men avvaliga buni bir hazil, deb o‘yladim. Keyin o‘zimni yig‘idan to‘xtata olmadim. Butun dunyo men uchun chapa bo‘lib ketgandek his qildim o‘zimni. Endi Irinaga nima bo‘ladi. O‘zimning qadrdon qizim qayerda ekan, ko‘chada qoldimi? Yetimxonaga berib yuborilganmi? Ko‘cha-kuyda tilanchilik qilib yuribdimikan, degan savollar chug‘ab oldi meni", deydi Yuliya.

Yuliya o‘z qizini topishga qaror berdi va nihoyat bir necha haftadan so‘ng Anya Iskandarova topildi. Anya Yuliyaning tuqqan qizi bo‘lib chiqdi. U onasining huddi o‘zginasi.

Anyani otasi, asli Tojikistonlik Ne‘mat Iskandarov o‘z qizi, deya o‘stirgan. Iskandarovlar oilasida hamma e‘tiqodli musulmon.

Фото муаллифлик ҳуқуқи none
Image caption Ne‘mat Iskandarov Anya o‘z kelib chiqishini bilganidan so‘ng dinini yo‘qotishidan xavotirda.

Politsiya kelib Iskandarovlarga Anya aslida ularning qizi emasligini aytganda, ular ham dastlab bunga ishonmadilar.

"Politsiyachilar menga o‘sha qiz, Iraning rasmini ko‘rsatishdi, rostdan ham huddi menga o‘xshar ekan. Oyoq-qo‘llarim titrab ketdi. Mening asl qizim boshqa bir oilada voyaga yetganini, men esa birovning qizini o‘stirganimni hech aqlimga sig‘dira olmasdim", dedyi Ne‘mat Iskandarov.

Ikki oila hozirda bir-birlari bilan tez-tez uchrashib turishadi, lekin o‘rtada tanglik ham yo‘q emas.

"Birimiz nasroniymiz, birimiz musulmon. An‘analarimiz o‘zgacha. Men o‘stirgan qizim asl kelib chiqishini bilib, bizning dindan chiqib ketishidan qo‘rqaman", deydi Ne‘mat.

"Ne‘mat bizning oiladagi ba‘zi narsalarni yoqtirmaydi. Menga esa ularning oilasidagi ba‘zi narsalar yoqmaydi. Hammamizning o‘z hayot yo‘rig‘imiz bor edi. Hozir esa hamma narsa aralashib ketdi", deydi Yuliya.

Ira hozirda asl otasi bilan ko‘proq vaqt o‘tkazishga harakat qilayotgan ekan, Anya esa o‘z onasini hali yaxshi tushunishni o‘rgana olmagan. Lekin ikkala qiz ham o‘zlari o‘sib-ulg‘aygan oilada qolishga qaror berishgan.