BBC tekshiruvi: "Pokiston Tolibonni faol dastaklaydi"

BBC olib borgan tekshiruvlardan ayon bo‘lishicha, jamoa ko‘z o‘ngida AQShning ittifoqchisi bo‘lib ko‘rinish bilan birga, Pokiston Tolibon harakatini ham faol dastaklaydi.

O‘tgan hafta Pokiston o‘zining chegaralarida faoliyat olib borayotgan jangari guruhlarni jilovlash yo‘lida ko‘proq ish qilishi mumkinligini aytgandi.

Ammo ayon bo‘lishicha, rasmiy Islomobod maxfiy ravishda toliblarni dastaklayotgan bo‘lishi mumkin.

Pokiston hukumati esa, bu kabi da‘volarni keskin rad etib keladi.

Afg‘onistonda AQSh kuchlariga qarshi jang olib borayotgan Tolibon qo‘mondoni va xudkush hujumchisining BBCga aytishlaricha, qanday qilib bomba yasashni o‘zlariga pokistonlik zobitlar o‘rgatishgan.

Pokiston bilan chegaraga yaqin yerda joylashgan AQSh harbiylari ham Pokiston kuchlarining Tolibonga yordam berayotganiga guvoh bo‘lganliklarini aytishgan.

Amerika Josuslik Xizmatining sobiq zobitiga ko‘ra, Pokiston mulozimlarini avvaldan ogohlantirmay uyushtirgan taqdirlarida, uchuvchisiz uchoqlarining hujumlari samarali bo‘lgan.

Amerika tomoni bir necha yildan buyon shunday ishonchda bo‘lib kelgan.

Ammo Pokiston harbiylari buni inkor etishadi.

Ularga ko‘ra, na-da hukumat va na-da Istixborat xizmati Tolibon harakatiga dastak ko‘rsatadi.

Ammo so‘nggi tekshiruv natijalari AQSh va Buyuk Britaniyani noqulay ahvolga qo‘yishi mumkin.

Chunki ular Pokistonga katta miqdorda moliyaviy yordam ko‘rsatishadi va rasmiy Islomobodni o‘zlarining yaqin ittifoqchilari hisoblashadi.