Pokiston Toliblarni dastaklayotganini rad etmoqda

Pokiston armiyasi Bi-bi-si televizioni tayyorlagan hujjatli filmda bu mamlakatning xavfsizlik kuchlari Afg‘onistonda Toliblarni qo‘llayotgani haqidagi da‘volarni keskin rad etgan.

Pokiston armiyasi voizi General-mayor Athar Abbosga ko‘ra, Amerika va Afg‘on mulozimlarining ayblovlari “ asossiz va zarar yetkazadigan tuhmatdir”.

U Amerika va Afg‘oniston o‘z xato va mag‘lubiyatlari uchun Pokistonni ayblashmoqchi deb aytgan.

“Maxfiy Pokiston” hujjatli dasturlarning ilk qismi Chorshanba kuni namoyish etilgandi.

Hujjatli film Pokistonni ikkiyuzlamachilik va ikki o‘yin o‘ynashda, ya‘ni Amerikaning “oshkora” do‘sti ko‘rinib, yashirin va sirli ravishda uning dushmanlariga urush yo‘llarini o‘rgatish va qurollantirishda ayblaydi.

'Achinarli holat”

General Abbasga ko‘ra, Pokiston Josuslik Xizmatining o‘zi Al-Qoida va uning gumashtalaridan ozor chekib keladi.

Bu guruhlar hujumlarida 300dan ortiq zobitlari qurbon bo‘lgan.

"Sizningcha, josuslik xizmati o‘zlariga qarshi bo‘lgan odamlarga boshpana berishi, dastaklashi aqli bor odamning ishimi?”, deb aytgan general Abbos.

Uning aytishicha, Pokiston Afg‘onistondagi abgor vaziyatga “balogardon” qilib ko‘rsatilmoqda.

"Afg‘onistonda josuslik xizmatlarning bari achinarli faoliyat olib borishdi...Shuning uchun ham ular bu muvaffaqiyatsizliklarni Pokiston va Maxfiy xizmatlarimizga to‘nkashmoqchi,” deb aytgan general Abbos.

General Abbos Bi-bi-siga qarshi Pokiston mahkamaga murojaat qilish huquqiga ega deb po‘pisa qilgan.

Bi-bi-si voizi Helen Deller esa, bu hujjatli film Bi-bi-sining tahririy mezonlariga to‘la amal qilinib tayyorlangani, bir necha manbalardan olingan axborotlar aniq va xolisona yoritilganini urg‘ulagan.

Bi-bi-si bu hujjatli filmda biror bir tomonga yon bosmaganini ta‘kidlagan.

AQSh anchadan beri Pokiston va yo Pokiston josuslik xizmatida ishlaydigan ayrim mulozimlar jangari guruhlarni Afg‘onistonga ta‘sirini kuchaytirish maqsadida qo‘llashini shubha qilib keladi.

Bu kabi da‘volar esa o‘tmishda ham Pokiston tomonidan rad etilgandi.