Afg‘oniston janubida toliblar BMT idorasini nishonga olishdi

Image caption So‘nggi damlarda Tolibonning xalqaro kuchlarga qarshi hujumlari ortib bormoqda

Afg‘onistonning janubiy Qandahor shahrida xudkush hujumchining avtomobilda portlashi natijasida kamida 4 kishi halok bo‘lgan.

Rasmiylarning bildirishicha, portlovchi modda ortilgan avtomobil BMTning Qochqinlar uchun mo‘ljallangan turar-joyi hududidagi tekshiruv punktiga borib urilgan.

Bu hududda shuningdek, Yunisef va AQSh Xalqaro ko‘mak tashkilotining uy va idoralari binosi ham joylashgan.

Agentlikning bildirishicha, hujum natijasida bir afg‘on politsiyachisi va uch agentlik xodimi halok bo‘lgan.

Hujum uchun mas‘uliyatni Tolibon harakati o‘z zimmasiga olgan.

Toliblarning mo‘ljali BMT tashkiloti bo‘lgani xabar qilinadi.

Bir nepallik qo‘riqchi doxil besh kishi yarador holda kasalxonaga yotqizilgan.

Mahalliy politsiya boshlig‘i Abdul Roziqning Frans Press agentligiga bergan intervyusida aytishicha, dastlab bir xudkush hujumchi avtomobilni portlatgan, so‘ngra qolganlari unga qo‘shilishgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hujumchilar veterinar klinikaga qamalib olib, o‘t ochganlar.

Olti soat davom etgan otishmada hujumchilar halok etilgan.

"Otishmalar to‘xtadi. Hamma hujumchilar o‘ldirildi. Qidiruv ishlari olib borilmoqda," degan janob Roziq.

BMTning Qochqinlar Agentligi Afg‘onistonda 1980 yildan buyon faoliyat olib boradi. Agentlik Pokiston va Erondan qaytayotgan millionlab qochqinlarni nazorat qilib boradi.

Agentlik boshlig‘i Antonio Gutiyerrasning bildirishicha, Qandahordagi BMT idorasi jiddiy zarar ko‘rgan.

"Bu - BMT, halok bo‘lganlar va yaradorlarning oilalari uchun katta fojea. Bu Afg‘onistondagi gumanitar yordam tashkilotlari xodimlari uchun jiddiy xatar borligini ko‘rsatadi," deb aytgan janob Gutiyerras.

Afg‘oniston janubidagi eng katta shahar hisoblangan Qandahor 2001 yilda Amerika yetakchiligidagi xalqaro kuchlar Afg‘onistonga kirlgan payti ag‘darilgan toliblarning vatanidir.

Shanba kuni sodir etilgan bir intihoriy hujumda NATOning Kobuldagi Xalqaro xavfsizlik kuchlaridan 13 harbiy va xizmatchi halok bo‘lgan edi.

Qurbonlar orasida Amerikalik, Britaniyalik va Kanada fuqarolari ham bo‘lgan.

Mazkur hujumning Afg‘onistondagi ittifoqchi kuchlarga qarshi 10 yillik urushdagi eng kuchli zarbalardan biri bo‘lgani aytiladi.