Parijdagi Muhammad Payg‘ambarni hajv qilgan tahririyatga o‘t qo‘yildi

Фото муаллифлик ҳуқуқи AFP
Image caption Haftalik o‘zining islom diniga qarshi hajvlari bilan ko‘p bor musulmonlarning g‘azabini qo‘zg‘agan edi

Frantsiyaning hajviy Charlie Hebdo haftaligi binosi derazadan uloqtirilgan yondiruvchi moslama tufayli kuyib-kul bo‘lgan.

Bu hodisa nashrning yangi soni muharriri Muhammad Payg‘ambar deb e‘lon etgani ortidan yuz bergan.

Jurnal muqovasida "Agar kulgili bo‘lmasa, senga yuz darra" degan yozuv bo‘lgan.

Jurnal maqolasida aytilishicha, tahririyat Tunisdagi saylovda islomiy partiyas g‘alabasini shu tariqa ta‘kidlamoqchi bo‘lgan.

Yong‘indan ko‘p o‘tmay jurnal muharriri "barcha uskunalar vayron etilgani sababli nashr to‘xtatilgan"ini e‘lon qilgan.

Yong‘in guvohlaridan biri Patrik Peloning "Frans Press" axborot agentligi muxbiriga aytishicha, erta tongda kimningdir yoqilg‘i solingan shishani jurnal tahririyati derazasidan otishi tufayli bino ichidagi kompyuterlar yona boshlagan.

Jabrlanganlar haqida ma‘lumotlar yo‘q.

Haftalikning internet sayti xakerlar hujumiga uchragan, frantsuz va turk tillarida yozilgan haqoratlarga to‘lib ketgan.

Chorshanba kuni chiqishi mo‘ljallangan jurnal sonini tahririyat "shariat" so‘ziga uyqash qilib Charia Hebdo deb o‘zgartirgan.

Muharriri Muhammad Payg‘ambar deb e‘lon qilingan nashrda tahririyatning sharhlari va payg‘ambarning boshqa hajviy suratlari e‘lon qilingan.

Tahririyatning murojaatida aytilishicha, jurnalning yangi soniga Tunisdagi "Naxda" partiyasining ishonchli g‘alabasi, shuningdek, Liviyada ham shariat qonunlari joriy etilishi mumkinligi haqidagi xabarlar turtki bergan.

"Biz ig‘vo bilan shug‘ullanmaymiz. Biz shunchaki odatiy vazifamizni bajaryapmiz. Yagona farq bu haftada Payg‘ambar Muhammadning hajviy surati muqovada chiqqanligi har doim ham sodir etilavermaydigan hodisa,"- degan nashr muharriri Sharb.

2007 yil Charlie Hebdo haftaligi Daniyaning Jyllands-Posten jurnalidan Muhammad Payg‘ambarga qilingan 12 hajviy suratni ko‘chirib bosganligi musulmonlar o‘rtasida katta noroziliklarga sabab bo‘lgan edi.

Parijdagi ikki islom tashkiloti jurnalni irqchilikda ayblab mahkamaga bergan, lekin mahkama ularning talabini qondirmagan edi.

BBCning Parijdagi muxbiriga ko‘ra Charlie Hebdo haftaligi ilgari ham ko‘p marta hamma e‘tiqodlar ustidan hajvlar e‘lon qilgan.