Forbes: "Vladimir Putin dunyoning ikkinchi eng qudratli odami"

Фото муаллифлик ҳуқуқи AP

"Forbs" jurnalining bu yilgi reytingidan ayon bo‘lishicha, Rossiya Bosh vaziri dunyoning eng qudratli ikki odamidan bittasi bo‘lib chiqibdi.

O‘tgan yili janob Putin ushbu ro‘yxatda bor-yo‘g‘i to‘rtinchi o‘rinni egallagandi, xolos.

Jahonda sodir bo‘layotgan voqealarga qanchalik ta‘sir qila olishi bilan AQSh Prezidenti Barak Obama bu yil ustunlikni hech kimga bermabdi.

Kelasi yilgi saylovlarda kursisini saqlab qolishi uchun yaxshigina ter to‘kish lozim bo‘lgan janob Obama ro‘yxatda Xitoy rahbari Xu Jintaoni uchinchi o‘ringa tushirib tashlabdi.

Shunday qilib, Amerikada chop etiluvchi nufuzli jurnal reytingida yuqori uchlikni AQSh Prezidenti Barak Obama, Rossiya Bosh vaziri Vladimir Putin va Xitoy Prezidenti Xu Jintaolar egallashibdi.

"So‘zsiz, Xitoy prezidenti Putindan yuqoriroq turishi kerak edi. Ammo reytingni tuzayotgan odamlar jahonda kechayotgan voqealarga boshqacha qarashadi. Chunki Putin – G‘arbni qo‘rquvga soluvchi ramz sifatida ko‘riladi", deydi "Rossiya v globalnoy politike" jurnali bosh muharriri Fedor Luk‘yanov.

"Ichki va tashqi siyosatda kamida olti yil qolishga hozirlik ko‘rsatayotganini eslatib, Vladimir Putin prezidentlik kursisiga qaytib bo‘ldi hisobi", deya davom etadi u.

Siyosatshunosning ta‘kidlashicha, o‘tgan yil bilan solishtirganda, bu yil Rossiya Bosh vazirining xalqaro maydonda ta‘siri ancha kuchaygan.

Jurnal reytingida yuqori o‘nlikka kimlar kirdi ekan, deb qiziqayotgan bo‘lsangiz, ular – Olmoniya kantsleri Angela Merkel, Microsoft asoschisi Bill Geyts, Saudiya Arabistoni qiroli Abdulloh, Rim Papasi Benedikt XVI, AQSh Moliya vaziri Ben Bernanke, Facebook ijtimoiy muloqot tarmog‘i asoschisi Mark Tsukerberg va Britaniya Bosh vaziri Devid Kameronlardir.

Dunyoning eng qudratli odamlari orasida yoshi eng kichigi – 27 yoshli Mark Tsukerberg bo‘lib chiqibdi.

Ro‘yxatdagilarning umumiy soni esa, yetmish kishini tashkil etadi.

Vaqtingiz bo‘lsa, yana ozroq tafsilot

Rossiyaning joriy Bosh vaziri Dmitriy Medvedev esa, dunyoning eng qudratli insonlari ro‘yxatida bor-yo‘g‘i 59-o‘rinni egallabdi, xolos.

Rossiyalik tahlilchilarga ko‘ra, bunga Rossiya prezidentining G‘arbda Bosh vazir Vladimir Putinning soyasi sifatida ko‘rilishi sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

O‘zbekistonda tug‘ilib, o‘sgan rossiyalik milliarder Alisher Usmonov ham eng so‘nggi – yetmishinchi o‘rinda bo‘lsa ham, "bilagida kuchi bor" odamlar ro‘yxatiga tushibdi.

Yetmishta qudratli insondan beshtasi esa, ayol kishi ekan. Ularning orasida Braziliya Prezidenti Dilma Russef ham bor.

Forbes bu yilgi ro‘yxatiga jinoyat olamining ikki vakilini ham kiritgan, ulardan biri "Sinaloa" narkokartelining rahbari, meksikalik milliarder Xoakin Gusman Loeradir.

Undan ikki pog‘ona quyi o‘rinni esa, Hindistonning Mumbay shahridagi qudratli uyushgan jinoiy guruhlardan birining rahbari Dovud Ibrohim Kaskar egallagan.

U ekstremistlarni moliyalashda gumon etiladi.

Amerikalik mashhur teleboshlovchi Opra Uinfri, Xalqaro Moliya Jamg‘armasining sobiq rahbari Dominik Stross-Kan va Yaponiya Bosh vaziri Naoto Kanlarning qudrati esa, bu yilgi ro‘yxatga tushishlari uchun kifoya qilmabdi.