Putinning "Yagona Rossiya"si muhojirlarga rus tilini o‘rgatmoqchi

"Yagona Rossiya" partiyasidan bo‘lgan vakillar Davlat dumasiga Rossiyaga ishlash uchun kelayotgan muhojirlarning rus tilini bilishlari shart ekaniga oid qonun loyihasini kiritishgan.

Bu haqda parlament spikeri Boris Grizlovning "Interfaks" axborot agentligiga bergan suhbatidan ayon bo‘lgan.

"Rus tilini bilish - muhojirlarning majburiyatlari bo‘lish bilan birga, o‘z huquqlari toptalishining oldini olish imkoniyati hamdir", deb tvit ham qilgan janob Grizlov.

"Yagona Rossiya"chilar shu oy oxiriga qadar qonun loyihasini parlamentda ovozga qo‘yish rejasidalar.

Rossiya Federal Muhojirlik xizmatining bildirishicha, mamlakatga kelayotgan muhojirlarning 30 foizga yaqini rus tilini umuman bilishmaydi.

O‘tgan yoz xizmat muhojirlar uchun rus tilidan maxsus sinovlar uyushtirish taklifi bilan ham chiqqandi.

Agar qonun tasdqilansa...

Parlament vakillari qonun loyihasini yoqlab ovoz bergan taqdirlarida, Rossiyada pul topishni rejalayotgan xorijiy fuqarolar o‘zlarining rus tilini qanchalik bilishlarini rasman tasdiqlashlari lozim bo‘ladi.

Deylik, ularning attestat yoki diplom kabi, biror bir hujjatni taqdim etishlari taqozo etiladi.

Qonun loyihasiga muvofiq, rus tilidan bilimingiz boshlang‘ich darajada bo‘lmasa, bo‘ldi.

Bu kabi yangilik eng avvalo savdo, turar-joy, kommunal va maishiy xizmat ko‘rsatish sohalari xodimlarini ko‘zda tutadi.

"Qonun loyihasi faqat odamlar bilan ko‘p muloqot qilishlariga to‘g‘ri keluvchi ishlarda band muhojirlarga tadbiq etiladi", deb aytgan "Yagona Rossiya" partiyasi vakillaridan biri.

Hozir esa, Rossiya qonunchiligida xorijiy fuqarolarning rus tilini bilishlari shart, deb ko‘rilmaydi.

Joriy paytda mamlakat oliy o‘quv yurtlari va xalqaro maorif bo‘limlari qoshida rus tilidan chet tili sifatida davlat sinovi qabul qiluvchi ikki yuzga yaqin markaz ochilgan.

Rasmiy hisob-kitoblarga qaralsa, o‘tgan yil rus tilidan sinov topshirgan bir milliondan ortiq muhojirning bor-yo‘g‘i 3.503 tasining qo‘liga "O‘tdi", degan hujjat berilgan, xolos.