Сўнгги янгиланиш 8 ноябр 2011 - 12:09 GMT

Pop qiroli Maykl Jeksonning shaxsiy shifokori qotillikda aybdor deb topildi

Los-Anjelesdagi hakamlar hay‘ati mashhur qo‘shiqchi Maykl Jeksonning shaxsiy shifokori doktor Konrad Marreyni qasddan bo‘lmagan qotillik bandi bo‘yicha aybdor deb topganlar.

58 yoshli Konrad Marreyga qasddan bo‘lmagan yoki o‘z ixtiyoriga qarshi odam o‘ldirish ayblovi qo‘yilgan edi.

Yetti erkak va besh ayoldan iborat mahkama hay‘ati bir qarorga kelishi uchun ikki kun sarflaganlar.

Maykl Jekson 2009 yil 25 iyunida juda ham kuchli tinchlantiruvchi dori - propofolning ko‘p dozasini qabul qilish oqibatida hayotdan ko‘z yumgan edi.

Mahkama hakami hay‘atning qarorini e‘lon qilgan, biroq yakuniy hukm 29 noyabr kuni e‘lon qilinadi.

Agar aybdor deb topilsa, Konrad Marreyga to‘rt yillik qamoq jazosi tayinlanishi va bundan keyin shifokorlik faoliyati bilan shug‘ullanish taqiqlanishi mumkin.

Shu paytgacha Konrad Marrey hech qayoqqa ketmaslik haqidagi tilxat bilan erkinlikda yurgandi, hakam e‘lonidan keyin u kishanband etilib olib ketilgan.

Mahkama tashqarisida yig‘ilgan marhum qo‘shiqchining ishqibozlari qarorni olqishlar bilan kutib olganlar.

Maykl Jeksonning singlisi Latoyyaning aytishicha, oilasi a‘zolari bu qarordan mamnun bo‘lishgan.

Mahkama paytida doktor Konrad Marrey, Maykl Jeksonning xonasidan chiqib ketgan payti qo‘shiqchining o‘zi og‘riqni qoldirish maqsadida ko‘p dozada propofolni qabul qilgan, deb aytgan.

Mahkama qarorini doktor Marrey sovuqqonlik bilan, sukut saqlab qabul qilgan.

Maykl Jeksonning shifokori ustidan mahkama bir yarim oy davom etdi.

Jarayon mobaynida 49 shohid ko‘rsatmalari tinglandi, 300 ta ashyoviy dalil o‘rganildi.

Jahon tanigan qo‘shiqchi o‘limi oldidan Londondagi kontsertiga tayyorgarlik ko‘rayotgan edi.

Maykl Jekson o‘limi yuzasidan mahkamada juda ko‘p tibbiy tafsilotlar keltirilgan, bu esa nima to‘g‘riyu-nima noto‘g‘ri ekani borasida qaror qabul qilishi kerak bo‘lgan hakamlar hay‘ati uchun tushunarsiz bo‘lib, ularning ishini mushkullashtirgan.

Propofol tinchlantiruvchi, igna orqali badanga kiritiladigan suyuqlik bo‘lib, undan mustaqil holda foydalanish taqiqlanmagan.

Biroq qoralov tomonining mahkamada aytishicha, doktor Konrad Marrey propofolni shifoxonadan tashqarida va zarur asbob-uskunalarsiz qo‘llash oqibatlari yomon bo‘lishi mumkinligi haqidagi ko‘rsatmani ongli ravishda inkor etgan.

Биз билан боғланинг

* Тўлдириш шарт бўлган жойлар

(Кўпи билан 500 белги)

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.