Qarzga botgan Italiya Bosh Vaziri Berluskoni saylovda qatnashmasligini aytdi

Фото муаллифлик ҳуқуқи Reuters
Image caption Berluskonining ko‘plab tarafdorlari uning iste‘fosini talab qilishgandi

Italiya Bosh Vaziri Silvio Berluskoni agar muddatidan avval saylovlar o‘tkazilsa, ularga o‘z nomzodini ilgari surmasligini aytgan.

U kecha agar parlament byudjet islohotlarini qabul qilsa, iste‘foga chiqishini va‘da qilgandi.

Milliarder Silvio Berluskoni Ikkinchi Jahon Urushi yakun topganidan beri Italiyaning eng uzoq boshqargan bosh vazirdir.

"Men qonun qabul qilinishi bilanoq iste‘foga chiqaman, va, fevralga saylovlar belgilanayotgan ekan, unga o‘z nomzodimni qo‘ymayman", deb aytgan janob Berluskoni.

Berluskonining partiyasi erta saylovlar o‘tkazilishini istashadi, ammo muxolifat milliy birdamlik hukumati tuzilishi tarafdoridir.

Italiya parlamenti iqtisodni jonlantirish maqsadida joriy oy oxirigacha yangi islohotlar majmuini qabul qilishi mumkin. Italiya iqtisodi Yevro hududidagi qarzlar inqirozidan qattiq shikast yegan.

Biroq, Berluskoni janoblari, byudjet bo‘yicha qonunlar qabul qilib bo‘lingandan keyingina Italiya prezidenti va siyosiy guruhlari bilan kelgusi qadamlarini muhokama qilishi mumkin.

BBCning Ovro‘po bo‘yicha muharriri Gavin Hyuit oldinda qiyin siyosiy muammolar yotganini aytadi.

Italiya o‘ta ojiz iqtisodiy o‘sish suratlaridan jabr chekmoqda va 1.9 trillion yevro qarzi ostida qolib ketgan.

Ayni damda, Ovro‘po Ittifoqining vakillik guruhi bugun Rimga kelib, Italiyaning nazorat ostidan chiqib borayotgan qarz muammosini hal qilish yo‘lidagi qadamlarni kuzatib boradi.

Italiyadagi vaziyatni "o‘ta xavotirli" deya tasvirlagan OIning iqtisodiy masalalar bo‘yicha komissari Olli Ren kuzatuv xulosalarini noyabr oyi oxirida taqdim qilishini bildirdi.

Italiyadagi defitsit ko‘rsatkichlari nisbatan past, lekin sarmoyadorlar mamlakatdagi sust iqtisodiy o‘sish va bahaybat qarz miqdori Italiyani kasod yoqasiga yetaklashi mumkin degan xavotirdalar.

Muxbirimizga ko‘ra, Italiya poytaxti ko‘chalarida janob Berluskonining iste‘foga chiqishi borasidagi e‘loni osoyishta kutib olingan, ko‘plar jozibador bosh vazirning ketishiga shubha qilishmoqda.

U hozirda korruptsiya va voyaga yetmagan fohishaga pul to‘lash ayblari bilan mahkamaga tortilgan.