Tolibon harakati Afg‘oniston hukumatining muhim rejasini qo‘lga kiritganini aytmoqda

Afg‘onistondagi Tolibon harakatining da‘vo qilishicha, Loya jirganing tinch o‘tishini ta‘minlash maqsadida afg‘on hukumati tomonidan ishlab chiqilgan 27 sahifali xavfsizlik rejasini qo‘lga kiritishgan.

Amerika bilan strategik hamkorlik masalasi muhokama etilishi kutilayotgan jirga shu chorshanba kuni poytaxt Kobulda ish boshlaydi.

Tolibon yaqinda chiqargan bayonotida kimki Loya jirgada ishtirok etadigan bo‘lsa, uni nishonga olish bilan tahdid qilib chiqqandi.

Ammo mahalliy politsiya va istixborat xizmatlari harakatning so‘nggi iddaosini rad etishmoqda.

Reja

Tolibon harakati qo‘lga kiritganini da‘vo qilayotgan hujjatda yig‘in paytida yuqori martabali shaxslarning xavfsizliklarini ta‘minlash choralari batafsil keltirib o‘tiladi.

Ayon bo‘lishicha, ularning orasida Afg‘oniston Prezidenti Homid Karzay va boshqa qator hukumat vazirlari ham bor.

Agar xavfsizlik rejasi qalbaki bo‘lmasa, bu afg‘on hukumati uchun nihoyatda uyatli ish bo‘ladi.

Mahalliy mulozimlar esa, hujjat soxta ekanini aytib, Tolibonning da‘volarini rad etishmoqda.

Ammo harakat o‘z so‘zlarining isboti o‘laroq 27 sahifali rejani ommaviy-axborot vositalariga ham yuborgan.

Hujjatda xavfsizlik mulozimlarining unvonlari va zimmalariga yuklangan maxsus vazifalar ham alohida belgilab qo‘yilgani aytiladi.

Reja bilan tanishishga muvaffaq bo‘lganlarga ko‘ra, u xuddi politsiyaning xaritasiga o‘xshab ketadi.

Raddiya

Biroq Kobul politsiya boshqarmasi boshlig‘i general Ayyub va yuqori martabali istixborat mulozimlarining BBCga aytishlaricha, bu - hukumatning xavfsizlik rejasi emas.

General Ayyubga ko‘ra, bu - jirganing faoliyatini izdan chiqarmoqchi bo‘lgan shaxslarning fitnasidir.

Boshqa tomondan, agar Tolibonning qo‘lidagi hujjat asl bo‘lib chiqqanida, bu - ikki mingdan ortiq jirga ishtirokchisi hayotining jiddiy xavf ostida qolishini ham anglatardi.

Tolibon allaqachon "Qullar jirgasi" ekanini aytib, yig‘inni hujumga tutish bilan tahdid qilib chiqqan.

Loya jirga esa, ikki masala - isyonkorlar bilan murosa va Afg‘onistonning Amerika bilan istiqboldagi munosabatlari mavzusini muhokama etadi.

Tolibon o‘tgan yilgi Tinchlik jirgasini raketadan hujumga tutishga muvaffaq bo‘lgan, ayni ish yuzasidan mamlakat xavfsizligiga mas‘ul qator shaxslar ishdan bo‘shatilgandi.