"Al-Qoida"ga aloqadorlikda gumon qilingan o‘zbekistonlik aybiga iqror bo‘lmadi

Image caption David Yakobsenning asli toshkentlik sobiq militsiya xodimi Alisher Abdullayev ekani aytiladi

"Al-Qoida" tarmog‘iga aloqadorlik va hajvchi rassomni o‘ldirishga qasd qilishda ayblanayotgan uch ayblanuvchi qatorida O‘zbekiston fuqarosi David Yakobsen ham o‘ziga qo‘yilayotgan ayblovlarni tan olmagan.

Uchovlon ustidan mahkama jarayoni bugun seshanba kuni Norvegiyaning Oslo shahrida boshlangan.

Xitoylik uyg‘ur Mikael Davud, iroqlik kurd Shavon Sodiq Sayid Bujak va asli o‘zbekistonlik, ammo Norvegiyada David Yakobsen nomi bilan tanilgan sudlanuvchilar "terrorchilik hujumi uyushtirishga til biriktirish" va "portlovchi moddalar yasash uchun lozim bo‘lgan moddalarga egalik qilish" ayblari qo‘yilgandi.

O‘zbekistonlik ayblanuvchining asli toshkentlik sobiq militsiya xodimi Alisher Abdullayev ekani aytiladi.

Ayon bo‘lishicha, mahkama jarayoniga qadar u ozodlikda yurgan bo‘lgan.

Ammo ular ayblardan birortasiga iqror bo‘lishmagan.

Qoralov tomoniga ko‘ra, uch gumondor Muhammad Payg‘ambarning hajviy suratini chop etgan Daniyaning Jyllands-Posten gazeti va hajvchi rassom Kurt Vestegardga hujum qilishni rejalagan bo‘lishgan.

Uch shaxs 2010 yilning iyul oyida hibsga olingan, Norvegiya politsiyasi ulardan biriga tegishli bomba yasash uchun yetarli moddalar - gidrogen peroksid, atseton topilgani haqida xabar tarqatgan.

"Bizning isbot-dalillarimiz ularning bo‘yniga qo‘yilgan ayblovlar qanchalar asosli ekanini namoyish etadi. Ularga 20 yillik qamoq jazosi tayinlanishi mumkin", deb aytgan prokuror Geir Yevanger "Frans Press" axborot agentligiga.

Kurt Vestegardning 2005 yilda nashr qilingan hajviy rasmlari jahondagi musulmonlarni g‘azablantirgan, ko‘plab mamlakatlarda namoyishchilar bilan xavfsizlik kuchlari to‘qnashishiga va insonlar o‘limiga olib kelgan norozilik chiqishlariga sabab bo‘lgan edi.

Norvegiya josuslik xizmati asli millati uyg‘ur, Norvegiyada Mikael Davud ismi-sharifi bilan ro‘yxatdan o‘tgan shaxsni ushbu guruhning rahbari va "Al-Qoida"ga aloqador deb biladi.

Mikael Davud "Al-Qoida"ning Pokistondagi jamlog‘ida portlovchi moddalarni yasash va ulardan foydalanishni o‘rgangani xabar qilingan.

Norvegiya rasmiylari uning Oslo shahridagi Xitoy elchixonasini nishonga olganini ham aytishgan.

O‘zbekistonlikning o‘z ixtiyori bilan politsiyaga bog‘langani va hujum rejalari uchun mas‘ullikni rad etgani xabar qilingan, Norvegiya rasmiylari uning qo‘yib yuborilganini aytishgan.

Ushbu mahkama jarayoni Daniya ro‘znomasi karikaturasini ko‘chirib bosgan Parijdagi jurnal tahririyatiga o‘t qo‘yilganidan bir nech kun o‘tib boshlanmoqda, Tunisdagi parlament saylovlari haqidagi maxsus sonining muharriri Muhammad Payg‘ambar deb e‘lon qilgan Charlie Hebdo haftaligi binosiga yoqilg‘i bombalari uloqtirilgan edi.