Afg‘on ayollari tenghuquqlik uchun "mushtlashmoqdalar"

Image caption Afg‘on ayollarining ular uchun noan‘anaviy ko‘rilgan sport turi bilan shug‘ullanish deyarli misli ko‘rilmagan holat.

Afg‘on ayollari uchun sport bilan shug‘ullanish yangi imkoniyat.

Lekin sportning ayollar uchun noan‘anaviy ko‘rilgan turi bilan shug‘ullanish deyarli misli ko‘rilmagan holat.

Kobul markazidagi Toliblar davrida ayollar sazoyi qilingan va darra bilan jazolangan stadionda bugun boks tushayotgan ayollarni ko‘rishingiz mumkin.

20 ga yaqin boshlariga ro‘mol, qo‘llariga esa boks qo‘lqopi kiygan qiz-juvonlar mashq qilmoqdalar.

Qora sochlari uzun Soniyaning eslashicha, birinchi gal burniga kelib tushgan mushtni hech qachon yoddan chiqarmaydi.

"Rosa og‘ridi, burnim qonab ketdi. Lekin og‘riq o‘tib ketganidan keyin bu birinchi zarbadan saboq olishim mukminligini angalab yetdim. O‘shandan beri mening yuzimga hech kim musht tushira olamagan", deydi Soniya.

Soniya boks mashg‘ulotlariga juda jiddiy yondoshadi. Olimpiya o‘yinlarida qatnashish huquqini qo‘lga kiritish uchun jon-dildan shug‘ullanmoqda.

Afg‘onistonda hali hamon ko‘plar o‘z ayollarini boks bilan shug‘ullanish u yoqda tursin, tanho o‘zlarini ostona xatlab ko‘chaga chiqishlariga ruxsat bermaydilar.

Soniyaning oilasi uning mashg‘uloti haqida qanday fikrda?

Image caption Soniyaning orzusi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etish.

Coniyaning aytishicha, dastlab otasi juda norozi bo‘lgan va bir necha bor boks bilan shug‘allanishni to‘xtatishini so‘ragan. Lekin hozirda bu mashg‘ulotlar qizining sog‘lig‘i uchun foydali ekanligini tan olib, ruxsat bergan.

"Lekin onam hamisha meni qo‘llaydi. Yaxshilab shug‘ullanib, xalqaro musobaqalarda qatnashib, yutib chiqib, chempion bo‘lib kelgin, deya aytadi", deydi Soniya.

Bokchi qizlar murabbiysi o‘rta yoshlardagi Nosir ota-onalar o‘z qizlarining boks bilan shug‘ullanishlaridan hamisha ham rozi emasliklarini tan oladi.

"Biz ota-onalarni qizlariga ruxsat berishlariga majburlay olmaymiz. Lekin qizlariga sport bilan shug‘ullanishga ruxsat bergan ota-onalar sportning qaysi turi bilan shug‘ullanishlariga cheklov qo‘ymaslikilari kerak", deydi u.

Boshida gulli ro‘mol o‘ragan Teringa ko‘ra, kezi kelganda o‘z-o‘zini himoya qila olishi u uchun muhimdir.

Image caption Qizlar o‘zlarini himoya qilishda boks juda qo‘l kelishini aytadilar.

"Ko‘chada qiz-juvonlarga tegajaklik qiladigan yigitlar ko‘p. Ular qizlar zaif va nozik, deb o‘ylaydilar. Mana endi biz ularga aksini isbotlash imkoniga egamiz. Kimda-kim menga hurmatsizlik qilsa ko‘rsatib qo‘yish qo‘limdan keladi", deydi Terin.

Shu vaqtgacha Teringa bu tajriba qo‘l keldimi?

"Yaqinda kitob do‘konida bir yigit kelib, ortimga ilingan sumkamga qo‘l soldi. Men avval qo‘lini siltab tashladimda, boshqa indamadim. U yana bir qo‘l solgandi, bir tushirdim. Og‘zi-burni qonab ketdi. Do‘kondan chiqib ketayotganimda o‘rtoqlari rosa ustidan kulishayotganini eshitdim. Endi u hech qachon ayollarni haqorat qilmasa kerak", deydi Terin.

Mushtini boksda qayrab ulgurgan Terinning orzusi oliygohni bitirib, shifokor bo‘lish.

O‘nlab yillar urushlarni boshdan kechirgan Afg‘oniston uchun mushtlashishni biladigan ayollarga ehtiyoj balkida u qadar katta emasdir.

Lekin Olimpiya o‘yinlarida o‘z mahoratini ko‘rsatmoqchi bo‘lgan Soniyaning umid qilishicha, bu qizlarning muvaffaqiyati jamiyatda dushmanona kayfiyatlardan ko‘ra hamohanglikni targ‘ib qiladi.