Сўнгги янгиланиш 18 ноябр 2011 - 13:49 GMT

Amerika Qo‘shma Shtatlarida yana yuzlab namoyishchilar hibsga olindi

"Uoll-stritni ishg‘ol qil" nomi ostida butun Amerika Qo‘shma Shtatlari bo‘ylab bo‘lib o‘tgan namoyishlar to‘qnashuvlarsiz kechmas ekan, Nyu Yorkda kamida 300 kishi hibsga olingan.

Namoyishlar chog‘ida asosiy voqealar Nyu-Yorkda kechgan.

Bir necha ming kishi o‘z noroziliklarini izhor etish uchun Nyu-Yorkdagi Bruklin ko‘prigiga chiqishgan.

Tartibsizliklar yuz bergan va namoyishchilar politsiya xodimlari bilan ham to‘qnashganlar.

Buning oqibatida bir necha yuz namoyishchi hibsga olingan.

Ayniqsa, Fond birjasi yaqinida kechgan tartibsizliklar katta sondagi kishilarning qo‘lga olinishlariga sabab bo‘lgan.

"Uoll-Stritni ishg‘ol qil" aktsiyasi tongda biznes markazida uyushtirilgan namoyishlar va yo‘lovchilar bilan tirband soatlarda metro bekatlarida qilingan chiqishlardan boshlangan.

Butun Amerika Qo‘shma Shtatlari bo‘ylab kuzatilgan namoyishlar bundan ikki oy burun boshlangan "Ishg‘ol qil..." harakatining nimalarga qodirligini sinab ko‘rish bo‘lgan.

Ushbu keng miqyosli aktsiya Nyu-York mas‘ullari namoyishlarning markazi hisoblangan Zukkoti xiyobonidagi jamloqni yig‘ishtirib tashlashlaridan ancha avval rejalangani aytiladi.

Nyu-York hokimi Maykl Blumbergning ma‘lum qilishicha, to‘qnashuvlar oqibatida shaharning turli mavze‘larida besh nafar politsiya xodimi tan jarohati olgan.

Bir namoyishchi esa, politsiya xodimiga sirka sepgani uchun hibsga olingan.

Ayrim tasdiqlanmagan xabarlarga ko‘ra, politsiyaning ko‘zdan yosh sizdiruvchi gaz sepuvchi jihozlariga qarshi namoyishchilar sirka bilan qurollanib olgan bo‘lishgan.

Tevarak-atrofdagi idoralarning ba‘zi bir xodimlari tepadan turib, namoyishchilarni qarsaklar bilan olqishlashgan.

Boshqa birlari esa, "Ish top!", deb qichqirishgan.

Ulardan ayrimlari namoyishchilar "yomon kishilar" esalar-da, ularga xayrixoh ekanliklarini ham bildirishgan.

"Ular ko‘p masalalarda haqlar. Muammo shundaki, boylar va kambag‘allar orasida farq bor va ana shu narsa kengayib bormoqda", deb aytgan Nyu-York birjasi dalloli Jin Uilyams.

O‘tgan bir necha kun ichida Amerikaning turli shaharlarida politsiya kuchlari kapitalistik tuzumga qarshi chiqqan namoyishchilarning chodirlarini buzib tashlashgandi.

Kaliforniya va Vermontda ushbu jarayon hibslar bilan ham kechgan, ammo Atlanta, Portland va Solt-Leyk-Sitida tinch o‘tgandi.

Namoyishlar ishtirokchilariga ko‘ra, banklar va qator G‘arb davlatlari hukumatlari so‘nggi global moliyaviy inqirozga aybdordirlar.

Va bunga ularning ochko‘zliklari va ijtimoiy mas‘uliyatsizliklari sabab bo‘lgan.

Биз билан боғланинг

* Тўлдириш шарт бўлган жойлар

(Кўпи билан 500 белги)

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.