Putinni tomoshabinlar hushtak chalib "haydashgani" muhokama etilmoqda

Фото муаллифлик ҳуқуқи AFP
Image caption Putin avvallari faqat olqish bilan qarshi olinardi

Moskvadagi kurash musobaqasida rossiyalik jangchini tabriklash uchun ringga chiqqan Putinni muxlislar hushtak chalib, qarshi olishgan.

Yakshanba kuni "Lujniki" olimpiya sport majmuasida rossiyalik Fedor Yemelyanenko va amerikalik Jeff Monson o‘rtasida aralash yakkakurash bo‘yicha jahon chempioni unvoni uchun o‘tgan jangni tomosha qilgani 20 mingdan ortiq muxlislar kelishgan.

Rossiyalik kurashchining g‘alabasidan so‘ng bosh vazir Vladimir Putin uni tabriklash uchun ringga ko‘tarilgan.

Ammo Putinning tabrik so‘zi tomoshabinlarning hushtak va yer tepinish shovqinlari ostida qolib ketgan.

Jang va Putinning chiqishi "Rossiya" telekanali orqali jonli efirda ko‘rsatilgan.

"Qahramon qiyofasi"

Putinning nutqi bir daqiqadan kamroq davom etgan.

Kuzatuvchilar odatda tomoshabinlar tomonidan olqishlar bilan kutib olinadigan Putinning birinchi marta bu kabi manzara bilan qarshi kelganiga e‘tibor qaratishmoqda.

Ammo Putinning tarafdorlari tomoshabinlar jangda yutqizgan amerikalik kurashchini hushtak chalib kuzatganlarini da‘vo qilishgan.

Moskvadagi BBC muxbiri Stiv Rozenbergning yozishicha, goh qiruvchi uchoqda parvoz qilayotgan, goh dzyudo tushayotgan va hatto yo‘lbars bilan olishayotgan Putinning obrazi rossiyaliklarda ijobiy taassurot qoldirgan.

Avvalroq sotsiologlar Putinning obro‘si sezilarli darajada tushib borayotgani haqida ogohlantirishgandi.

Ularga ko‘ra, rossiyaliklarni Putinning "qahramon qiyofasi" qoniqtirmay qo‘ygan.

"Levada markazi" o‘tkazgan omma so‘rovi natijalariga ko‘ra, kelasi yili prezidentlikka qaytishini e‘lon qilgan Vladimir Putinning faoliyatini 61 foiz aholi ma‘qullaydi, 38 foiz esa ma‘qullamaydi.

O‘tgan yili bu nisbat 80 ga 20 ni tashkil etgan edi.

"Qoidasiz saylov"

Ayni paytda Putinning ringdagi chiqishi rossiyalik bloggerlar tomonidan faol muhokama etilmoqda.

"Qoidasiz kurash muxlislari qoidasiz saylovlar g‘olibini hushtak chalib, haydashdi", deb yozishgan Tvitterdagi KermlinRussia hajviy mikroblogi mualliflari.

Rossiyalik mashhur blogger Aleksey Navalniy esa " Rossiya Federatsiyasi Prezidenti bo‘lish istagini bildirgan bosh vazir va fuqaro Putin Vladimir Vladimirovich saylovoldi musobaqasida ochko olish va "elektorat"ning muhabbatiga sazovor bo‘lmoqchi edi. Ammo uni hushtak chalib haydashdi", deb yozadi.

Navalniy o‘z sharhiga "Davrning tugashi" deb sarlavha qo‘ygan.

Bu sharhlar jangni tomosha qilgan muxlislarning ba‘zilari Youtube saytida Putinning chiqishi aks etgan video lavhani e‘lon qilganlaridan so‘ng paydo bo‘lgan.

Lavhada "Hurmatli do‘stlar, bugun barcha jangovar san‘at muxlislari uchun katta bayram..." degan so‘zlar yangragan payt zalda "fu" degan hayqiriqlar eshitiladi.

Shuningdek, lavha so‘nggida "ket" degan ovozni baralla eshitish mumkin.