Luiz Moreno-Okampo Qaddofiyning o‘g‘lini ko‘rish uchun Liviyaga bordi

Фото муаллифлик ҳуқуқи BBC World Service
Image caption Mahkama hay‘ati Sayf ul-Islomni Hagaga olib ketish kerakmi yo-da, Liviyaning o‘zida sud qilish kerakmi degan masalani mubohasa qiladi

Muammar Qaddofiyning o‘g‘li Sayf ul-Islom qo‘lga olinishi ortidan Xalqaro Adolat Mahkamasi Bosh prokurori va o‘rinbosari Liviyaga yetib borgan.

Xalqaro Adolat Mahkamasi Liviya marhum rahbarining o‘g‘lini urush jinoyatlarida ayblaydi va Haagadagi tribunalda mahkamaga tortilishini istaydi.

Mahkama hay‘ati ayni shu masalani, ya‘ni Sayf ul-Islomni Hagaga olib ketish kerakmi yo-da, Liviyaning o‘zida sud qilish kerakmi degan masalani mubohasa qiladi. Liviya muvaqqat hukumati allaqachon uni mamlakatning o‘zida mahkamaga tortishni ma‘qul ko‘rishiga ishora qilgandi.

Mahkama Bosh qoralovchisi Luiz Moreno-Okamponing Liviyaga safari Polkovnik Qaddofiy qudratdan ag‘darilganidan uch oy o‘tib, yangi hukumat e‘lon qilinishi kutilayotgan bir paytda kuzatilmoqda.

Bu saylangan hukumatni tuzish tomon tashlangan ilk qadam bo‘ladi. Muvaqqat hukumat zimmasiga konstitutsiyani ishlab chiqish va demokratik saylovlar o‘tkazish vazifalari yuklangan.

Bosh vazir Abdurahim al-Qeib ushbu siyosiy jarayonda Liviyaning barcha mintaqalaridan vakillar ishtirok etishlarini aytgan.

Janob al-Qeib o‘tgan oy boy O‘tish davri Milliy Kengashi tarafidan bosh vazir etib saylangan.

O‘tish davri Milliy Kengashi Polkovnik Qaddofiyning qudratdan ketkazish ishida birlashgan raqib guruhlar ittifoqidir. Muammar Qaddofiy 20 oktyabr kuni ona shahri Sirtda o‘ldirilgandi.

Qarorni mahkama beradi

Image caption Xalqaro Adolat Mahkamasi Liviya marhum rahbarining o‘g‘lini urush jinoyatlarida ayblaydi

Xalqaro Adolat Mahkamasi Bosh qoralovchisi Luiz Moreno-Okampo va uning o‘rinbosari Liviya yangi rasmiylari bilan uchrashadigan hay‘atga yetakchilik qilishmoqda.

Bu Sayf ul-Islom qo‘shni Nigerga qochib o‘tishga uringan mahal shanba kuni qo‘lga olinishi ortidan o‘zaro hamkorlikdagi sa‘y-harakatlar bir qismidir.

Xalqaro Adolat Mahkamasi marhum polkovnik Muammar Qaddofiy, uning o‘g‘li Sayf ul-Islom va mamlakatning sobiq josuslik xizmati rahbari Abdulla al-Sanussiyga nisbatan insoniyatga qarshi jinoyatlarni ilgari surgan.

Polkovnik Qaddofiyning qaynisi bo‘lgan Abdulla al-Sanussiy yakshanba kuni janubdagi Shabha shaharchasidagi singlisining uyida qo‘lga olingan.

"Sudlar qayerda bo‘lib o‘tishi masalasi mahkama bilan maslahatlar bilan hal etiladi. Oxirida singlisining Xalqaro Adolat Mahkamasi hakamlari qaror beradilar", deb aytgan Luiz Moreno-Okampo.

"Hibs Liviyada sodir etilgan jinoyatlarga eng mas‘ul odamlarni mahkamaga tortish tomon qo‘yilgan o‘ta muhim qadamdir. Bu harbiy va yo siyosiy masala emas, bu qonunga asoslangan talab", deb aytgan u.

Sayf ul-Islom o‘tgan avgustda O‘tish davri Milliy Kengashi kuchlari Tripolini qo‘lga kiritishganidan beri qochib yurgandi.

Liviya muvaqqat Bosh vaziri Abdurahim al-Qeib Sayfulislom Qaddofiyga adolatli mahkamani va‘da qilgandi.