Misr Oliy Harbiy Kengashi taklifini namoyishchilar rad etdi

Фото муаллифлик ҳуқуқи Reuters
Image caption Namoyishchilar feldmarshal Tantoviy iste‘fosini talab qilishmoqda

Minglab misrlikliklar, harchand Misr Oliy Harbiy Kengashi prezidentlik saylovini o‘tkazishni tezlashtirishga rozilik bildirgan bo‘lsa ham, yana bir tunni Qohira markazidagi Tahrir Maydonida o‘tkazishdi.

Namoyishchilar va politsiya maxsus bo‘linmalari o‘rtasidagi qaqshatqich to‘qnashuvlardan to‘rt kun o‘tib, harbiy rahbariyat boshlig‘i Huseyn Tantoviy davlat televideniyesi orqali chiqish qilib, Misrda prezidentlik saylovini 2012 yil iyulida o‘tkazishga va‘da bergan edi.

Biroq Tahrir maydonida yig‘ilgan namoyishchilar bu va‘da yetarli emasligini aytib, feldmarshal Tantoviydan iste‘foga chiqishni talab qilmoqdalar.

O‘tgan tunda ham to‘qnashuvlar davom etgan. Demonstrantlar politsiyachilarni toshbo‘ron qilgan.

Politsiya ko‘zdan yosh sizdiruvchi gaz, rezina tayoqlari va sochma o‘qlarni ishlatgan, biroq guvohlar politsiya o‘qli patronlardan otganini aytadi.

Televideniye maydondan jabr ko‘rganlarni olib ketayotgan "tez yordam" mashinalarini namoyish etgan.

Misr Sog‘liq saqlash vazirligi ma‘lumotiga ko‘ra, shanba kunidan buyon ko‘cha janglarida kamida 30 odam halok bo‘lgan va yana yuzlab inson yaralangan.

To‘qnashuvlar Iskandariya, Suets, Port-Said va Asvonda ham bo‘lib o‘tgan.

Yon berishlar

Husni Muborak ag‘darilganidan buyon Misrni boshqarayotgan Oliy Harbiy Kengash avval boshdan prezidentlik saylovini 2012 yil oxiri yoda 2013 yil boshida o‘tkazishni rejalashtirgan edi.

Biroq namoyishchilar bosimi ostida Oliy Harbiy Kengash saylovni oldinga surishga majbur bo‘ldi. Feldmarshal Tantoviy, shuningdek, parlament saylovlarini 28 noyabrda o‘tkazishga va, agar zarar bo‘lsa, hukumatni topshirish yuzasidan referendum o‘tkazishga va‘da berdi.

Ovoz berish davlatni demokratik tuzumga aylantirishda muhim tadbir hisoblanadi, biroq ko‘plab misrliklarning ishonishicha, saylov natijalari qanday bo‘lishidan qat‘inazar, harbiylar hukumatni qo‘ldan boy bermaslikka harakat qilishadi.

Yaqin Sharq masalalari bo‘yicha BBC sharhlovchisi Jeremi Boven ushbu nuqtai nazarga qo‘shilishini aytadi.

"Harbiy rahbariyat hukumatni qo‘ldan berib qo‘yishni istamayapti, chunki armiya mamlakatni idora etishda 1952 yildan buyon katta rol o‘ynaydi, - deydi tahlilchi. - Bundan tashqari, harbiylar mamlakat iqtisodiyotining 40 foiziga yaqinini idora qiladi. Shunday ekan ular bunday sarvatni qo‘ldan boy berib qo‘yishni istashlari dargumon".

Qohiradagi namoyishchilardan biri, 33 yoshli Ahmad Imomning ishonishicha, Muborak ag‘darilgach, hukumatni harbiylar ixtiyoriga topshirish xato bo‘lgan.

"Biz tarqalmasligimiz kerak edi. Biz hukumatni o‘z ixtiyorimiz bilan harbiylar qo‘liga topshirib qo‘ydik", – deydi u.

"Inqilobchilar uylariga ancha erta qaytishdi. Biz urush tugamasdan tarqaldik".