"Odnoklassniki" a‘zolari profillari endi internet qidiruvida oshkor etilmoqda

Image caption "Odnoklassniki" ijtimoiy saytidan yuz minglab o‘zbekistonlik iste‘molchilar ham foydalanadi

Runetda yirikligi bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turadigan "Odnoklassniki" ijtimoiy tarmog‘i o‘zining 105 millionlik a‘zolarining profillarini internet orqali qidiruvda oshkor etishni boshlagan.

Buni istamaganlar uchun qidiruvda paydo bo‘lmaslik tanlovi bor, lekin jim turganlarning bari qidiruvda namoyon bo‘ladi.

"Odnoklassniki"ning rahbari Ilya Shirokov matbuot anjumanida "Odnoklassniki" a‘zolarini Rossiyadagi Mail.Ru portali chorshanba kuni namoyish qilishni boshlaganini aytdi.

Bu portal, "Odnoklassniki" bilan birgalikda, Mail.ru Group tashkilotiga tegishlidir.

Janob Shirokov Yandeks va Google qidiruv portallarida ham "Odnoklassniki" a‘zolarining profillari namoyish qilina boshlanishini bildirdi.

BBC bilan suhbatda loyihaning direktori Aleksandr Izryadnov qidiruv natijasida "Odnoklassniki" a‘zolarining ismi-sharifi, surati, profili, yoshi, do‘stlari soni va a‘zo bo‘lgan guruhlari ro‘yxati paydo bo‘lishini aytdi.

Hozirda "Odnoklassniki" saytiga a‘zo bo‘lmaguncha, unga a‘zo bo‘lgan shaxsni qidirishning imkoni yo‘q.

Janob Izryadnovga ko‘ra, a‘zolar haqidagi ma‘lumotni oshkor qilish "kelgusi a‘zolarga qulaylik yaratadi, chunki axir odamlar bir-birini internetda qidiradilar, va ular o‘zlari ijtimoiy tarmoqlarga a‘zo bo‘lmagan bo‘lishlari mumkin".

Agar kimningdir profili qidiruv portallariga tushgan bo‘lsa va internetdan foydalanuvchi uni yopishni istasa, 30 kun davomida u haqidagi ma‘lumot qidiruv saytlaridan olib tashlanadi.

"Odnoklassniki"da faqat ma‘lum do‘stlar guruhi bilan o‘rtoqlashilgan ma‘lumot qidiruv saytlarida paydo bo‘lmaydi.

Shaxsiy ma‘lumot himoyasi

"Odnoklassniki" o‘z iste‘molchilari haqidagi ma‘lumotni ommaga ochayotgan birinchi ijtimoiy tarmoq emas.

2010 yilda buni qilgan "VKontakte" sayti iste‘molchilarning qattiq tanqidlari ostida qolgandi.

"Internet va huquq" shirkatining rahbari Anton Sergo shaxsiy profillarning qidiruvda ochiqlanishi Rossiya qonunlariga mos ekaniga shubha qiladi. Uning aytishicha, Rossiya qonunchiligida shaxsiy ma‘lumotlarning himoyasi juda yuqori darajada.

"Eng asosiy jihati shuki, Rossiya qonunchiligida ("Odnoklassniki" kiritgan qoidaga) teskari omil mavjud: ya‘ni ma‘lumotlarga ega bo‘lgan sayt ularni ochiqlashdan avval iste‘molchilardan roziligini olishi kerak. Hozir esa iste‘molchi ataylab o‘zi haqidagi ma‘lumotni taqiqlash imkoni berilayapti", deydi u.