Global so‘rov: yadroviy energiyaga salbiy munosabat ortib bormoqda

Image caption Dunyoning ko‘plab mamlakatlarida yadroviy energiyaga qarshi bo‘lganlar soni ortib bormoqda

Yadroviy dasturga ega bo‘lgan mamlakatlarda o‘tkazilgan jamoatchilik so‘rovi natijalariga ko‘ra, yadroviy texnologiyalarga qarshilik oxirgi olti yilda kuchaygan.

Ko‘pchilikning ishonishicha, yadroviy energiya o‘rniga tabiiy manbalarni himoya qilish va qayta ishlanuvchi energiyalardan foydalanish evaziga kelajak ehtiyojlarini qondirish mumkin.

So‘rovda ishtirok etgan yadroviy zavodlarga ega bo‘lgan mamlakatlar aholisining aksari yangi yadroviy reaktorlarning qurilishiga qarshi ekanliklarini bildirgan.

Yadroviy zavodlarga ega mamlakatlar aholisining 30% "yadroviy energiya xatarli va biz mavjud barcha yadroviy zavodlarni iloji boricha tezroq berkitishimiz kerak," deb aytgan.

Shu yilning iyun-sentyabr oylarida Kanadaning GlobeScan ijtimoiy fikrni o‘rganish tashkiloti tomonidan o‘tkazilgan so‘rovda dunyoning 23 mamlakatidan 23 mingdan ko‘proq inson ishtirok etgan.

Biroq, Yaponiyaning Fukushima yadroviy inshootida yuz bergan halokat ortidan o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, Britaniya va Qo‘shma Shtatlar yadroviy inshootlarning barpo etilishiga boshqa mamlakatlarga nisbatan kamroq qarshilik ko‘rsatmoqda.

So‘rov yadroviy zavodlarga ega 31 mamlakatdan 12 tasida o‘tkazilgan. Ushbu mamlakatlarda yadrvoiy energiyadan qanday foydalanilishi kerakligi xususida fikrlar bo‘lingani aniqlangan.

Har besh respondentdan bittasi (22%) "yadroviy energiya nisbatan xavfsiz va muhim energiya manbasi hisoblanadi, va biz yanada ko‘proq yadroviy zavodlarni qurishimiz kerak," degan fikrni bildirgan.

GlobeScan 2005 yilda ushbu mamlakatlarning sakkiztasida ayni masalada aholi fikrini o‘rgangan edi.

Avvalgi so‘rovga muqoisa etilganida mazkur 8 mamlakatdan beshtasida yadrvoiy energiyaga qarshilik keskin oshgan.

Yadroviy zavodga ega bo‘lmagan mamlakatlarda o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, eng ko‘p Nigeriya (41%), Gana (33%) va Misrda (31%) respondentlar yadroviy zavodni qurishni dastaklashlarini bildirgan .

So‘rovda ishtirok etganlarning o‘ntadan yettitasi esa mamlakatlari kelgusi 20 yil ichida yadroviy energiyadan qayta ishlanuvchi energiyaga o‘ta olishiga qodir ekanini ma‘lum qilgan.