"Putin nomzodining prezidentlikka ilgari surilishi demokratiyaga zid"

Фото муаллифлик ҳуқуқи BBC World Service

Sobiq Sho‘rolar Ittifoqining ilk prezidenti Mixail Gorbachevning aytishicha, Rossiya Bosh vaziri Vladimir Putin nomzodining uchinchi bor prezidentlikka ilgari surilishi demokratiya tamoyillariga ziddir. Ammo Rossiya konstitutsiyasining rasmiy talablariga to‘g‘ri keladi.

Janob Gorbachevga ko‘ra, mamlakat boshqaruvi rostakamiga xalqning manfaatlarini namoyon etuvchi va uning hurmatiga loyiq rahbarlar qo‘lida bo‘lishi shart.

"Kimlarningdir tujjoriy manfaatlariga xizmat qiluvchi liderlar qudratda bo‘lmasliklari kerak", deb aytgan sobiq prezident, Associated Press axborot agentligiga bergan so‘nggi suhbatida.

Mixail Gorbachev, o‘z o‘rnida, shu yilning 4 dekabr kuniga rejalangan parlament saylovlarining ham qanchalik xolis bo‘lishini shubha ostiga olgan.

Shu hafta seshanba kuni Amerikaning The Wall Street Journal nashriga bergan suhbatida esa, janob Gorbachev Rossiyadagi mavjud tuzum "avtoritar" ekanini aytib, "demokratik tamoyillarni tiklash, adolatli saylovlar va sudlarning mustaqilligiga erishish uchun jiddiy kurash olib borilishi lozimligi"ni ham urg‘ulagan.

Sobiq Sho‘rolar Ittifoqining birinchi va so‘nggi prezidentiga ko‘ra, o‘zlariga rasmiy Kremlning avtoritar qiliqlari yoqmaydigan rossiyalik saylovchilar huquqlaridan foydalanib, saylovlarda Vladimir Putin boshchiligidagi "Yagona Rossiya" partiyasiga qarshi ovoz berishlari kerak.

Ammo lekini ham bor...

Agar shu yil boshida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga qaralsa, Rossiya aholisining 73 foizi Mixail Gorbachev va uning davri haqida salbiy fikrda ekanlar.

Qolganlarning 10 foizi demokratik erkinliklar va tadbirkorlikni Gorbachevning xizmatlari sifatida qayd etishgan.

G‘arbda esa, SSSRning birinchi va oxirgi prezidenti Mixail Gorbachev dunyoni o‘zgartirgan shaxs sifatida hurmat qilinadi.

Ammo vatandoshlarining aksariyati u haqda salbiy fikrda.

SSSR parchalanishidan 20 yil o‘tib, ko‘pchilik rossiyaliklar Gorbachevni o‘zi boshlagan islohotlar ustidan nazoratni va pirovardida imperiyani boy bergan shaxs sifatida ko‘radilar.

So‘rov natijalariga ko‘ra, Gorbachevga asosan Putinning "Yagona Rossiya" partiyasi tarafdorlari, saylovlarda ishtirok etmaydiganlar hamda 35 yoshdan pastdagilar befarq.

Parlamentda bo‘lmagan partiyalar, jumladan, "Adolatli Rossiya" partiyasi hamda 25-59 yosh o‘rtasidagilar Mixail Gorbachevni ko‘proq hurmat qilishadi.

Uni yomon ko‘radiganlar esa, odatdagidek, Kommunistik partiya tarafdorlari va qariyalardir.

Bugungi kunda Gorbachev davrining rossiyaliklar xotirasidagi eng ziddiyatli voqealari qayta qurish va ichkilikbozlikka qarshi kurash ekan.

Ayrim rossiyaliklar ularni Gorbachev davrining yutug‘i desa, boshqalar o‘sha davr haqidagi yoqimsiz xotiralar sifatida tilga olishadi.

80 yoshli Gorbachev Rossiya siyosiy sahnasida hanuz faol.

Oxirgi paytlarda u Medvedev va Putin boshqaruvi haqida tanqidiy bayonotlar bilan chiqqan.

Jumladan, u hukumatdagi "Yagona Rossiya" partiyasini "KPSSning eng yomon nusxasi" deb atagan.