Eronda namoyishchilar britan elchixonasiga hujum qilishdi

Фото муаллифлик ҳуқуқи AFP

Erondan olinayotgan xabarlarga ko‘ra, namoyishchilar poytaxt Tehrondagi Buyuk Britaniya elchixonasiga bostirib kirib, bino derazalarini sindirishgan va britan bayrog‘iga o‘t qo‘yganlar.

O‘tgan hafta Britaniya yadroviy dasturi yuzasidan Eronga qarshi yangi sanktsiyalar kiritishga qaror qilgandi.

Bugungi namoyishchilarning ana shu jazo choralariga qarshi qilingan amal ekani aytilmoqda.

Eron davlat televideniyesi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri olib uzatilayotgan tasvirlardan namoyishchilarning elchilikka qarata benzinli bombalarni uloqtirishgani ham aks etadi.

Mamlakatdagi ayrim axborot agentliklariga ko‘ra, namoyishchilar britan bayrog‘ini yulib tashlab, unga o‘t qo‘yishgan va o‘rniga Eron davlat bayrog‘ini tikishgan.

G‘arb davlatlari tomonidan joriy etilgan yangi sanktsiyalarning bir qismi o‘laroq, Britaniya mamlakatdagi barcha moliyaviy tashkilotlarga eronlik hamkorlari bilan biznes yuritishni taqiqlab qo‘ygandi. Ularning sirasiga Eron Markaziy Banki ham kiradi.

Eron Inqilob Gvardiyachilari dushanba kuni Britaniya bilan o‘zaro aloqalarini qayta ko‘rib chiqishni ko‘zda tutuvchi hujjatni ma‘qullagandi.

Undan bir kun avval Eron parlamenti hukumatni yangi jazo choralariga javoban Britaniyaning mamlakatdagi elchisini chiqarib yuborishiga izn bergandi.

So‘nggi yakshanba kuni, shuningdek, eronlik parlament vakillari sanktsiyalaridan g‘azabga kelgan fuqarolari xuddi 1979 yilda bo‘lgani kabi, britan elchixonasiga bostirib kirishlari bilan ham ogohlantirishgandi.

So‘nggi tasvirlardan ayon bo‘lishicha, mahalliy politsiya kuchlari namoyishchilarni tinch yo‘l bilan tarqatishga urinmoqda.

Xabarlarda hozir sathda maxsus politsiya kuchlari sonining oshirilgani, ularning ikki qator bo‘lib, elchilik binosini o‘rab olganliklari ham aytiladi.