Ovro‘po Ittifoqi Eronga qarshi jazo choralarini kuchaytirishga qaror qildi

Image caption Eronga nisbatan jazo choralarini qo‘llash qarori Tehrondagi Britaniya elchixonasi hujumga uchrashi ortidan olingan

Ovro‘po Ittifoqi diplomatlarining aytishicha, Ovro‘po Ittifoqiga a‘zo davlatlar Eronning 180 mulozimi va shirkatlariga qarshi sanktsiyalar qo‘llashga kelishib olganlar.

Jazo choralari Bryusselda Ovro‘po Ittifoqi tashqi ishlar vazirlari uchrashuvi ortidan e‘lon qilingan.

Sanktsiyalar BMT Atom Agentligining Eron "yadroviy qurol yaratishga" aloqador sinovlarni o‘tkazgani haqidagi hisoboti ortidan olingan.

Hisobotni rad etgan Tehron uning yadroviy dasturidan faqat tinch maqsadlar ko‘zlanganini aytadi.

Britaniya, Tehrondagi elchixonasi seshanba kuni hujumga uchrashi ortidan, yangi sanktsiyalarni joriy etish talabi bilan chiqqan edi.

Tehrondan o‘z diplomatlarini chiqarib olgan Britaniya hozirda eronlik diplomatlarni mamlakatdan chiqarib yubormoqda.

Brusseldagi uchrashuv o‘ngidan Britaniya Tashqi ishlar vaziri Uilliyam Heyg Eronga nisbatan moliyaviy bosimni kuchaytirish zarurligini aytgandi.

Ovro‘po Ittifoqiga a‘zo 27 davlat allaqachon Eron shirkatlariga tegishli yuzlab bank hisoblarini muzlatib qo‘ygan.

Ittifoq, shuningdek, Eron gaz va neft ishlab chiqarish sohasiga sarmoya yotqizishga qarshi va texnologik yordamlarni bartaraf etishga qaratilgan choralarni ma‘qullagan.