Islandiyada o‘tgan 100 yil ichidagi eng katta vulqon otilishi "muqarrar"

Image caption Bu Katlaning o‘tgan yarim asr ichidagi to‘rtinchi faollik davridir, biroq u 100 yildan beri otilmagan

Islandiyadagi eng yirik muzliklardan birining ostida o‘tgan bir asr ichida eng kuchli bo‘lishi kutilgan vulqonning otilishiga ishoralar paydo bo‘lgan.

Mazkur alomatlarni olimlar muzlik sathidan bir necha yuz metr chuqurlikda sodir bo‘lganini sezishgan.

Krateri 10 kilometrlik diamertga ega Katla vulqonining yuqori harorati ta‘siri uni qoplab turgan muzlik erishni boshlagan.

Katla otilsa bu o‘ta yirik fojeaga sabab bo‘lishi mumkin: uning otilishi natijasida bir necha ming kubometr suv o‘z yo‘lida bor narsani yuvib, Atlantika ummoniga quyiladi.

"Seysmik faoliyat oxirgi paytda juda yuqori bo‘layotir. Birgina o‘tgan oyning ichida Katla kraterida 500dan ortiq kichik tebranishlar qayd qilingan, bu magmaning harakatidandir. Bu esa vulqonning otilishi muqarrar ekanidan darak beradi", deydi National Geographic tashkilotining Islandiya bo‘yicha mutaxassisi Ford Korchan.

Olimlar 9 iyuldan beri vulqonni kuzatishmoqda, unda birinchi tebranish kichik bo‘lishiga qaramay, katta suv toshqiniga sabab bo‘ldi: Islandiyaning bosh magistral yo‘lida ko‘prik yuvib ketilgan.

Mutaxassislar Katla vulqonida yangi faollik davri boshlangani va bu yirik otilish bilan tugashi mumkinligini aytishmoqda.

Katlaning 1783 yilda otilishi tarixda eng dahshatlilaridan biri deya qayd etilgan. Unda sakkiz oy davom etgan vulqon otilishi atmosferaga shunchalar ko‘p kul, ftorovodorod va oltingugurt dioksidi purkaganki, Islandiya aholisining 20 foizi va chorvachilik mollarining yarmi nobud bo‘lgan.