"Qishlog‘imizning nomi Saddam Husayn bo‘lib qolaversin"

Shri Lankadagi marhum Iroq rahbari Saddam Husayn nomi bilan atalgan qishloq aholisi uning ismini olib tashlash rejasiga qarshi namoyishga chiqishgan.

Ayon bo‘lishicha, Saddam Husayn mamlakatining Shri Lankaga ko‘mak dasturi doirasida ushbu qishloqqa katta yordam berib kelgan.

Biroq ehtiyojmand qishloq aholisiga yana ko‘mak qo‘li kerak bo‘lar ekan, ular ikki tanlovdan birini tanlash kabi muammo qarshisida qolishgan.

Saddam Husayn qishlog‘i

Shri Lanka sharqida Saddam Husayn degan qishloqning borligi ayrimlarga g‘alati tuyulsa ham kerak.

Ammo Iroq sobiq rahbari o‘zlariga o‘xshagan ko‘plab betaraf davlatlar bilan yaqin munosabatda bo‘lib kelgan.

1978 yilda Shri Lankaning asosan musulmonlar istiqomat qiluvchi sharqiy mintaqalari kuchli to‘fon girdobida qoladi.

Butunlay vayron bo‘lgan hududlarini qayta tiklash uchun yordam so‘rab, shri lankalik ikki taniqli musulmon boshchiligidagi parlament hay‘ati Iroqqa, Saddam Husaynning oldiga borishadi.

Saddam Husayn 1982 yilda 100 ta hovlisi, masjidi, madrasasi va o‘yingohi bo‘lgan butunboshli qishloqning qurilish ishlarini moliyalaydi.

Shundan so‘ng, ushbu qishloq Saddam Husayn nomi bilan atalib ketadi.

Iroq esa, 1990 yilgi birinchi Fors Ko‘rfazi urushiga qadar har oy qishloqqa ko‘mak yuborib turadi.

Boshqa bir fojea

Keyin qishloq o‘z boshidan yana bir fojeani o‘tkazadi.

Tamil Yo‘lbarslari qishloqdan hamma musulmonlarni quvib solishadi.

Alal-oqibat yana Saddam Husayn qishlog‘iga qaytishga muvaffaq bo‘lgan aksariyat esa Iroq sobiq rahbarini insonparvar va Islom dini kurashchisi sifatida ko‘rishadi.

Ular hozir yana Iroqdan o‘zlariga ko‘mak berishini so‘rashmoqda.

Iroqlik mas‘ullar ularga faqat bir shart bilan yangi uy-joylar, masjid va yetimxona qurib berishga va‘da berishayotir, u ham bo‘lsa – Saddam Husayn nomini "Iroq qishlog‘i"ga o‘zgartirish.

Ayon bo‘lishicha, mahalliy hokimiyat bilan bu xususda bir kelishuvga ham erishilgan.

Ammo masjid jamoasining fikri bir yoqadan chiqmagan.

Buning ortidan, qishloqning eski nomini saqlab qolish uchun bir guruh qishloqliklar norozilik namoyishi uyushtirishgan.