Eron televideniyesi AQSh josuslik uchog‘ini namoyish etdi

Фото муаллифлик ҳуқуқи Reuters
Image caption Eron televideniyesi namoyish etgan dron zohiran katta talafot ko‘rmagan

Eron davlat televideniyesi payshanba kuni Amerikaning josuslik uchog‘ini namoyish etdi.

Rasmiy Tehron mazkur dron, ya‘ni masofadan turib idora etiluvchi josuslik tayyorasi, uch kun muqaddam Eron sharqida mamlakat qurolli kuchlari tomonidan yerga tushirilganini ma‘lum qilgan.

Eron harbiy manbalarining aytishicha, uchoq "engil shikast" yegan holda ularning ixtiyoriga o‘tgan.

Televizion tasvirda uchoqning tashqi ko‘rinishi yaxshi saqlanib qolgani ko‘zga tashlanadi.

Assoshietd Press axborot agentligining xabar berishicha, sobiq Amerika mulozimi Eron televideniyesi orqali namoyish etilgan uskunaning Eron chegarasiga yaqin hududda g‘oyib bo‘lgan RQ170 Santinel rusumli uchoq ekanini tasdiqlagan.

Eron harbiylariga ko‘ra, mamlakat internet muhandislari Amerika josuslik uchog‘ini "kiber hujum"ga tutib, yerga tushirishga muvaffaq bo‘lganlar.

Ammo Amerika rasmiylari ularning josuslik uchog‘i Eron tomonidan kiber, elektronik vayo boshqa jihozlar bilan yerga qo‘ndirilgani haqidagi xabarni mutlaqo inkor etishmoqda.

Eron televizion ko‘rsatuvi Payshanba kuni efirga uzatilgan televizion ko‘rsatuvda Eron Havo kuchlari qo‘mondoni, Amirali Hojizoda, Amerika droni haqida ma‘lumot bergan.

Eron Tashqi ishlar vazirligi Tehrondagi Shveytsariya elchisini chaqirib, unga "Eron havo hududining Amerika josuslik uchog‘i tomonidan buzilishi" borasida norozilik notasini topshirgan.

Eron va Amerika o‘rtasida diplomatik aloqa yo‘q va shu sababli Tehrondagi Shveytsariya elchixonasi Amerika Qo‘shma Shtatlari manfaatini himoya qiladi.

Eron Shveytsariya elchisidan "Amerikaning jinoiy harakatlari borasida zudlik bilan izoh berishni" talab qilgan.

Eron davlat televideniyesi orqali namoyish etilgan ko‘rsatuvda harbiy mulozimlar Amerika josuslik tayyorasi "aniq elektronik ma‘lumotlar" asosida yerga qo‘ndirilganini aytganlar.

Ko‘rsatuvda uchoqning RQ 170 Santinel rusumida ekani aytilgan.

RQ 170 Santinel uchog‘i Amerika harbiylari tomonidan 2009 yildan buyon Afg‘onistondagi harbiy amaliyotlarda foydalaniladi.

Ushbu josuslik uchog‘ining texnik jihatlari haqidagi ma‘lumot odatda oshkor etilmaydi, biroq Eron Havo kuchlari qo‘mondonining bildirishicha, uning qanoti uzunligi 26 metr va tanasi ikki yarim metrdir.