Rossiyada oq lenta e‘tiroz ramziga aylanmoqdami?

Image caption Oq lenta Kreml siyosatiga e‘tiroz ramziga aylanmoqda

Moskva hokimiyati 30 ming kishining Rossiya poytaxtida aksil-hukumat namoyishi o‘tkazishiga ruxsat bergan.

Aksar muxolifat vakillari va yakshanba kungi saylovdan norozi rossiyaliklar shanba kuni ertalabdan Kreml qarshisiga to‘planib, o‘z noroziliklarini izhor etishmoqchi.

Oldinroq yana prezidentlikka qaytishi taxmin etilayotgan Bosh vazir Vladimir Putin bu noroziklar uchun Qo‘shma Shtatlarni aybladi.

Ammo Amerika Davlat kotibi Hillari Klinton Vashington rossiyaliklarning saylov natijasiga qarshi noroziligini dastaklashini aytdi.

Rossiyada Kreml yuritayotgan siyosatga muxolifatda bo‘lgan kuchlar Duma saylovi natijalariga e‘tirozan Moskvada namoyishga chog‘lanarkan, Rossiya bo‘ylab 46 ming kishi internetdagi ijtimoiy tarmoqlar orqali ularni dastaklashlarini bildirganlar.

Oq lenta

Facebook va Twitter orqali tobora ko‘proq insonlar norozilik amallarini qo‘llab, birdamlik ramzi sifatida oq lenta taqishlarini izhor etganlar.

Lekin, ma‘lum bo‘lishicha, oq lentalar alalaqachon internetdan tashqariga, haqiqiy hayotga chiqqan va ko‘chalarda oq lenta taqqan mashinalaru binolar ko‘paya boshlagan.

Bu holat, bir tarafdan, sobiq Sovet Ittifoqi respublikalaridagi atirgulu norinj singar inqiloblarni, ikkinchi tarafdan, internet yordamida arab dunyosini qamrab olgan so‘nggi inqiloblarni yodga soladi.

Shanba kuniga rejalangan norozilik chiqishlari haqidagi bahslar asosan vkontakte.ru va Facebook ijtimoiy tarmoqlarida kuzatilmoqda, deydi BBC Rus Xizmati muxbiri Mariya Vasileva.

Uning aytishicha, vkontakte.ru sahifasida Rossiyaning deyarli har bir katta shahrida saylov natijalariga qarshi bo‘lgan maxsus guruhlar tuzilganligiga guvoh bo‘lish mumkin.

"Bu guruhlarning har birida yuzlab, ba‘zida minglab a‘zolar borligini ko‘rish mumkin. Bu sahifalar orqali qatnashchilar qayerda yig‘ilishlari, qanday talablarni olib chiqishlari va qanday shiorlarni aytib chaqirishlarini muhokama qilmoqdalar," - deydi Mariya Vasileva.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, norozilik harakatlari Rossiyaning internet keng tarqalgan yirik shaharlarida faolroq, internetga kirish imkoni kamroq bo‘lgan shaharlarda pastroqdir.

Ustki kiyimiga oq lenta taqib olgan bir magadanlik ayol saylov natijalaridan norozi ekani, ammo Magadanda o‘zini qaysidir ma‘noda tanho his qilayotganini aytadi.

Uning tushuntirishicha, Magadanda internet tezligi juda past va odamlar joriy bahslarni kuzatish va ularda ishtirok etish imkoniga unchalik ega emaslar.

Norozilik darajasi

Tahlilchilarga ko‘ra, shanba kuni o‘tkaziladigan norozilik chiqishi, avvalgilaridan farqli, umum Rossiya chiqishidir.

Bu holat Rossiyada oxirgi yillarda birinchi marta kuzatilyapti.

Saylov natijalaridan norozi bo‘lganlar ko‘plab shaharlarda deyarli bir vaqtda, shaharning asosiy maydoniga yagona talab bilan to‘planishni chiqmoqdalar - saylov natijalarini bekor qilish.

Britaniya Qirollik Strategik Tadqiqotlar Markazidan Rossiya bo‘yicha tahlilchi Jeyms Nikseyning ishonishicha, Kreml xalq orasida norozilik darajasini baholay olmagan.

"Sobiq SSSRning boshqa joylarida ilgari kechgan voqealar va yo arab dunyosidagi g‘alayonlarni nazarda tutsak, Rossiyaning butunlay avtoritar mamlakat emasligini hisobga olsak, ko‘pchilik voqealarning bunday rivojlanishini ko‘tmagan bo‘lishi mumkin," - deydi Jeyms Niksey.