Olmon mahkamasi O‘IH a‘zosini 6 yilga ozodlikdan mahrum etdi

Фото муаллифлик ҳуқуқи BBC World Service
Image caption Ahmad Vali Siddiqiy Vaziristonda "al-Qoida"ning yuqori mulozimi bilan uchrashgan

Asli afg‘onistonlik olmon fuqarosi "O‘zbekiston Islomiy Harakati"ga a‘zolikda aybdor deb topilib, 6 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

37 yashar Ahmad Vali Siddiqiyning tergov paytida bergan ko‘rsatmalari 2010 yilda Ovro‘poning yirik shaharlariga hujumlar sodir etilishi mumkin degan xavotirlarni uyg‘otgan edi.

Yana ushbu mavzuga oidOlmoniyada 'O‘zbekiston Islomiy Harakati' a‘zosi ustidan mahkama boshlanganKoblenz shahridagi mintaqaviy mahkama Ahmad Vali Siddiqiyni, shuningdek, "al-Qoida" tarmog‘iga a‘zolikda aybdor deb topgan.

"Ayblanuvchi ikki xorijiy terrorchi tashkilotga a‘zo bo‘lgani uchun olti yilga ozodlikdan mahrum etildi. Bu tashkilotlar - "O‘zbekiston Islomiy Harakati" va "al-Qoida"dir", - deb aytgan mahkama matbuot kotibi Tobias Eysert. -"Hukm asosan ayblanuvchining o‘zi bergan ko‘rsatmalarga asoslandi."

Mahkama chiqargan bayonotga ko‘ra, Olmoniya va Afg‘oniston fuqarosi bo‘lgan Ahmad Vali Siddiqiy 2009 yil bahorida "O‘zbekiston Islomiy Harakati" saflariga qo‘shilish uchun Pokistonning Afg‘oniston bilan chegaradosh Vaziriston mintaqasiga safar qilgani va harbiy mashg‘ulotdan o‘tganini e‘tirof etgan.

Ayni yilda Ahmad Vali Siddiqiy, mahkama chiqargan bayonotda ta‘kidlanishicha, "al-Qoida"ga qo‘shiladi va 2010 yil mayida tarmoqning yuqori mulozimi bilan uchrashadi.

Bayonotda ilova qilinishicha, "al-Qoida" vakili Ovro‘po hududida tarmoq guruhlarini tashkil etishni rejalashtirgan va Siddiqiy "al-Qoida"ning Olmoniyadagi vakiliga aylangan.

AQSh kuchlari Ahmad Vali Siddiqiyni 2010 yil iyulida Kobul shahrida hibsga olishadi va deyarli bir yil davomida Bagrom havo bazasidagi qamoqxonada ushlab turishadi.

Tergov paytida u bergan ko‘rsatmalar asosida 2010 yil oktyabrida Qo‘shma Shtatlar rasmiylari "al-Qoida" Britaniya, Frantsiya va Olmoniyada hujumlar sodir etishni rejalashtirayotgani haqida ogohlantirishdi.

Natijada uchchala mamlakatda ham xavfsizlik choralari kuchaytirildi.

Ahmad Vali Siddiqiyni olmon rasmiylari Bagrom qamoqxonasida bir necha bor so‘roq qilishgan va o‘tgan yil aprelida Olmoniyaga ekstraditsiya etishgan.