"Islomiy Davlat"ning ikkinchi qo'mondoni o'ldirilgan

Фото муаллифлик ҳуқуқи FBI

AQSh ommaviy axborot vositalarining Mudofaa vazirligidagi manbaga tayanib xabar tarqatishicha, o'zini "Islomiy Davlat" deb ataydigan guruhning ikkinchi qo'mondoni deb ko'rilgan Abdul Rahmon Mustafo al-Qaduliy shu oyda uyushtirilgan reyd chog'i o'ldirilgan.

Qaduliyning millati turkman ekani, u ko'proq Hoji Imom sifatida tanilgan.

Hoji Imomning qaerdaligini topishga yordam beradigan axborot uchun AQSh hukumati 2015 yili 7 million dollarlik mukofot puli e'lon qilgan edi.

Abdul Rahmon Mustafo al-Qaduliy mart oyida Suriya hududida o'tkazilgan maxsus amaliyot chog'i o'ldirilgan, deya xabar qilmoqda Amerika matbuoti.

Bu amaliyot kunduz kuni Hoji Imomni qo'lga olish maqsadida AQSh maxsus kuchlari tomonidan uyushtirilgani aytilmoqda.

Hoji Imom bilan birga yana uch kishi o'ldirilgani xabar qilingan.

AQSh matbuotiga ko'ra, Qaduliy "Al-Qoida"ning Iroqdagi bo'limida o'sha paytdagi guruh rahbari Abu Musab az-Zarqaviyning "o'ng qo'li" bo'lgan.

IShID rahbari Abu Bakr al-Bag'dodiy yarador bo'lgan payti Qaduliy guruhga etakchilik qilib turgani aniqlangan.

Qaduliy Bag'dodiy o'rnini egalashi mumkinligi haqidagi gap-so'zlar bo'lgan, biroq kuzatuvchilar bu ehtimolni rad etganlar.

Bundan oldin IShIDning "Urush vaziri" deb atalgan "Umar Shishaniy" yoxud "Umar Chechen" deb tanilgan, aslida gurjistonlik Tarxan Batirashvili havo hujumida yaralangani haqida xabarlar tarqalgan edi.

Amerika rasmiylariga ko'ra, olgan jarohatlari tufayli havo hujumidan ko'p o'tmay Umar Shishaniy halok bo'lgan.

AQSh harbiylari aytishlaricha, Hoji Imomning o'limi IShID uchun katta zarba bo'ladi.

Oxirgi oylardagi havo hujumlari bois IShID Iroq va Suriyadagi o'z nazorati ostidagi hududlarning chorak qismini qo'ldan boy bergani xabar qilinadi.

24 mart kuni Suriya hukumat kuchlari qadimiy Palmira shahrini "Islomiy Davlat"dan tortib olgan.

Qaduliy o'ldirilgani haqidagi xabarni keyinroq matbuot anjumani tashkil qilgan AQSh Mudofaa vaaziri Esh Karter tasdiqlagan.

  • BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz,telefonimiz:+44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype – uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring

Бу мавзуда батафсилроқ