Oksfam: boy mamlakatlar suriyalik qochqinlarning atigi 1 foizini qabul qilgan

Фото муаллифлик ҳуқуқи EPA

Britaniyadagi Oksfam xayriya tashkilotiga ko'ra, boy mamlakatlar urushdan jabr ko'rgan suriyalik qochqinlarning atigi 1 foizini qabul qilgan.

Xayriya tashkiloti ko'proq suriyaliklarga boshpana berishga chaqirgan.

Oksfam tashkilotining qochqinlar ahvoliga bag'ishlangan yangi hisoboti BMT anjumani arafasida e'lon qilingan.

30 mart kuni Jenevada BMT mezbonligida qochqinlar vaziyatiga bag'ishlangan konferentsiya rejalashtirilgan.

Oksfam hisobotida aytilishicha, Suriya atrofidagi mamlakatlarda 4,8 million suriyalik qochqin sifatida ro'yxatga olingan.

Shu paytgacha boy mamlakatlar 130000 suriyalikka joy berish va'dasini berganlar.

Фото муаллифлик ҳуқуқи AFP

Biroq xayriya tashkilotining o'rganishlaridan shu narsa ma'lum bo'lganki, 2013 yildan buyon atigi 67100 suriyalik va'da qilingan mamlakatlariga etib olib o'rnashishga muvaffaq bo'lganlar.

Bu ro'yxatga olingan jami suriyalikning 1,67 foizi deganidir.

Oksfam o'ziga to'q mamlakatlardan 2016 yil oxirigacha 4,8 millionlik qochqinlardan hech bo'lmaganda 10 foiziga boshpana berishga da'vat etgan.

"Iqtisodi kuchli, yaxshi xizmatlari va taraqqiy etgan infrastrukturasiga ega mamlakatlar, agar xohlasalar, zudlik bilan 500000 qochqinni o'zaro bo'lib olishlari mumkin", deb aytgan Oksfam raisasi Vinni Biyaniyma.

Xayriya tashkiloti "adolatli taqsimot" deb atash mumkin bo'lgan vaziyatni tahlil qiladi.

Bunda mamlakat ahvoliga qarab qancha sondagi muhojirni qabul qilish u yoki bu mamlakat uchun adolatli deb ko'rilishi nazarda tutilgan.

Фото муаллифлик ҳуқуқи Reuters

Oksfam aytishicha, Kanada, Olmoniya va Norvegiya o'sha "adolatli taqsimot"dan ham ko'p sondagi suriyaliklarning qabul qilishga va'da berganlar.

Avstraliya, Finlandiya, Islandiya, Shvetsiya va Yangi Zelandiya qabul qilishlari mumkin bo'lgan sondagi suriyaliklarning yarmiga ko'nganlar.

O'sha "adolatli taqsimot" bo'yicha Frantsiya qariyb 26 ming qochqinga joy berishga va'da qilgan.

Hozircha esa 1000 suriyalik Frantsiyadan boshpana topgan, bu va'da qilingan jami raqamning 4 foizi demakdir.

AQSh 1812 qochqinni qabul qilgan va yana 10000 suriyalikka va'da bergan.

Ammo Oksfam aytishicha, "adolatli taqsimot" bo'yicha AQSh qariyb 171000 suriyalikka joy berishi mumkin.

Xayriya tashkilotiga ko'ra, eng ko'p og'irlik Livan va Iordaniya zimmasiga tushmoqda.

Aksar suriyalik qochqinlar Turkiya, Livan, Iordaniya va Iroq hududidagi jamloqlarda qolmoqdalar.

  • Bi-bi-si O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz,telefonimiz:+44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring

Бу мавзуда батафсилроқ