Birma Raxinesidagi favqulodda holat bekor qilindi

Фото муаллифлик ҳуқуқи EPA

Myanmaning lavozimini tark etayotgan prezidenti general Teyn Seyn yuz minglab musulmonni o'z uyini tashlab qochishga majbur etgan zo'ravonliklar ortidan Raxine shtatida joriy qilingan favqulodda vaziyatni bekor qilishga buyruq bergan.

Bu haqda Birma davlat matbuoti xabar qilgan.

29 mart general Teyn Seynning Myanma prezidenti sifatidagi oxirgi kuni bo'lishi xabar qilingan.

O'tgan yili noyabrida Birmada bo'lib o'tgan parlament saylovida "Demokratiya uchun Milliy Liga" g'alaba qozongan va bu mamlakatning 50 yillik tarixida muxolifat vakili prezidentlikka saylangan.

Muxolifat lideri va Nobel mukofoti sovrindori Aun San Su Chining qarindoshlari xorijiy mamlakat fuqarosi bo'lganliklari tufayli uning nomzodini prezidentlikka ilgari surish taqiqlangan, shu bois Aun San Su Chining uzoq yillik safdoshi Txin Chjo nomzodi ilgari surildi.

Txin Chjoning prezident sifatida qasamyod qabul qilish marosimi 30 martga mo'ljallangan.

Myanma matbuotida e'lon qilingan prezident farmonida aytilishicha, "Raxine Davlat hukumatiga ko'ra, hozirgi paytda insonlarning hayotini xavf ostiga qo'yadigan tahdid yo'q".

Bu - harbiylarning ertalabdan-kechgacha xavfsizlikni ta'minlash maqsadida Raxine shtatida joylashtirilishiga ehtiyoj yo'q deganidir.

Komendantlik soati Raxineda 2012 yili iyun oyida joriy qilingan edi.

Bunga mahalliy buddoyilar bilan Rohinga musulmonlari o'rtasida kelib chiqqan zo'ravonlik sabab bo'lgandi.

Bir buddaviy ayolning jinsiy zo'rlanib o'ldirilgani haqidagi xabar ortidan halokatli to'qnashuvlar boshlanib ketgandi.

Birma hukumati 200 dan ortiq inson o'lgani haqida xabar bergan.

Aksari Rohinga musulmonlari o'z uylarini tashlab qochishga majbur bo'lganlar.

140000 qochqinning aksari Rohingalar bo'ldi.

Фото муаллифлик ҳуқуқи AFP

Rohingalar yillar davomida Raxine shtati g'arbidagi sohildagi qochqinlar jamloqlarida qolib ketdilar.

Endi ularning o'z tug'ilib o'sgan uylariga qaytishlariga imkoniyat yo'q deb ko'riladi.

Myanma hukumati Rohingalarni eng oddiy huquqlardan ham mahrum etgan.

Bu mamlakatda tug'ilib o'sgan musulmonlarga fuqarolik berilmaydi.

Birma hukumati Rohingalarni qo'shni Bangladeshdan noqonuniy o'tib kelgan muhojirlar deb biladi.

BMT Rohingalarni "diniy va tili uchun ta'qibga olingan ozchilik" vakillari deb ta'riflaydi.

O'tgan yili Rohingalar o'z hayotlarini xavf ostiga qo'yib Andaman dengizi orqali Malayziyaga etib olish maqsadida yo'lga chiqqanlari bir necha oy davomida jahon ommaviy axborot vositalarining e'tiboriga tushgan edi.

  • Bi-bi-si O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz,telefonimiz:+44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype – uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring

Бу мавзуда батафсилроқ