Dunyo, Oʻzbekiston, yangiliklar: Suriyadan qaytarilgan oʻzbekistonliklar va Rossiyaning yadro sinovlari

Фото муаллифлик ҳуқуқи President.uz
Image caption Prezident Mirziyoyev 156 oʻzbekistonlikni Suriyadan qaytarib olib keldi

Prezident Mirziyoyev 156 oʻzbekistonlikni Suriyadan qaytarib olib keldi

Oʻzbekiston prezidentining rasmiy vebsaytida xabar berilishicha, Shavkat Mirziyoyev topshirigʻi bilan mamlakatning 156 nafar fuqarosi Yaqin Sharqdagi qurolli harakatlar davom etayotgan nuqtalardan vatanga qaytarib olib kelingan.

Qaytarilganlarning asosiy qismi ayollar va bolalar ekani aytilmoqda.

Ular 30-may kuni maxsus reys bilan Toshkentga olib kelingan.

Qaytarish amaliyoti "Mehr" deya atalgan.

"Yanglish yoʻl bilan mamlakatimizni tark etgan, ogʻir kunlarni boshdan oʻtkazgan bu insonlarga hukumat tomonidan tibbiy, ruhiy, moddiy va maʼnaviy koʻmak koʻrsatiladi," deyiladi vebsayt xabarida.

Hozircha, Oʻzbekistonga qaytarilgan fuqarolar borasida batafsil maʼlumot eʼlon qilinmagan.

Dunyo, yangiliklar: Yevropaning eng qimmat futbol klubi va sendvichga $420 ming sarflagan ozarbayjonlik “boy xotin”

Suriya-Checheniston: "Oʻzbekistonliklar Grozniyda"

AQSh Rossiyani yashirin yadro sinovlari oʻtkazayotganlikda aybladi

Фото муаллифлик ҳуқуқи Getty Images
Image caption AQSh Rossiyani yashirin yadro sinovlari oʻtkazayotganlikda aybladi

Pentagonning harbiy istixborot boʻlimi boshligʻi Robert Eshli Rossiyani juda yaqin masofaga uchuvchi yadro qurollarini sinovdan oʻtkazayotganini iddao qilib, Moskvani yadro sinoviga qoʻyilgan xalqaro moratoriyni buzishda ayblagan.

AQSh harbiy tahlilchilari Rossiyaning Shimoliy Qutb hududidagi Yangi Yer orolida qurollarni sinayotganini taxmin qilmoqda.

AQSh daʼvosiga javob qaytargan Rossiya Davlat Dumasining mudofaa boʻyicha qoʻmitasi rahbari general Vladimir Shamanov mavjud takomillashgan texnologiyalar zamonasida yashirin yadro sinovini oʻtkazishning imkoni yoʻqligini taʼkidlagan.

Rossiya hukumati oʻzining yangi qurollarini koʻz-koʻz qilishni, ammo, ayni vaqtda, harbiy sohadagi oʻzgarishlarni mavhum saqlashni xush koʻradi.

2018-yilda prezident Putin qitʼalararo uchuvchi yangi "Sarmat" raketa kompleksini namoyish etgan edi. Biroq yangi qurolning oʻzi emas, balki uning kompyuter grafikasida chizilgan sinov jarayoni koʻrsatilgan edi.

2018-yilning kuzida janob Putin faqat biror tajovuzkor davlatning hujum qilishi aniq boʻlgandagina Rossiya yadro qurolini qoʻllashi mumkinligini maʼlum qilgan.

Qozogʻistonda davlat toʻntarishi uyushtirishga uringanlikda ayblangan rossiyalik siyosatshunos sudlandi

Moskvada sud Qozogʻistondagi konstitutsion tuzumni oʻzgartirishga urinishda ayblangan siyosatshunos Pyetr Miloserdovni 2,5 yilga ozodlikdan mahrum etdi.

Miloserdov 2018-yilning yanvar oyida Moskvadagi oʻz uyida hibsga olingan edi. Unga Rossiya Federatsiyasi Jinoyat Kodeksining ekstremist jamiyat tuzish toʻgʻrisidagi bandini buzish aybi qoʻyilgan.

Tergov xulosasiga koʻra, Miloserdov millatchi Aleksandr Potkin bilan birgalikda ekstremist jamiyatga Qozogʻistondagi hokimiyatni agʻdarish maqsadida asos solgan.

Aleksandr Potkin 2014-yilda hibsga olingan va 2016-yilda unga 7,5 yilga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangan. Oʻtgan yilning aprel oyida Potkinning jazosi uy qamogʻi bilan almashtirilgan.

Siyosatshunos advokatlari Qozogʻiston siyosiy tuzumini agʻdarishga urinish Rossiyada jinoyat sanalmasligini iddao qilgan.

Qozogʻiston Bosh prokuraturasi ham Miloserdovga nisbatan hech qanday daʼvosi yoʻqligini maʼlum qilgan.

Miloserdovning taʼkidlashicha, u 2012-yilda Potkinning buyurtmasi bilan Qozogʻistonda ijtimoiy soʻrovlar oʻtkazgan va baʼzi shaxslardan intervyu olgan. Shundan soʻng bu ish haqida unutgan.

Rossiyadagi Memorial jamiyati Miloserdovning siyosiy mahbus ekanini maʼlum qilmoqda.

Фото муаллифлик ҳуқуқи VITALY BELOUSOV/TASS
Image caption Rossiyadagi Memorial jamiyati Miloserdovning siyosiy mahbus ekanini maʼlum qilmoqda.

Vengriyada qayiq agʻdarilib ketdi; yetti sayyoh halok boʻldi

Фото муаллифлик ҳуқуқи EPA
Image caption Vengriyada qayiq agʻdarilib ketdi; yetti sayyoh halok boʻldi

Poytaxt Budapeshtdan oqib oʻtuvchi Dunay daryosida yuz bergan fojia ortidan, kamida, yetti sayyoh hayotdan koʻz yumgan va yana 19 odam bedarak yoʻqolgan.

Asosan janubiy koreyalik sayyohlar oʻtirgan qayiqqa boshqa bir kichik kema kelib urilgan.

Toʻqnashuv payti qayiqda 32 odam boʻlgan.

Janubiy Koreya tashqi ishlar vazirligi 19 nafar koreyalikning bedarak yoʻqolganini tasdiqlagan va rasmiy Seul qurbonlarning oilasiga qanday yordam koʻrsatish masalasini hal etish uchun Vengriyaga favqulodda delegatsiya yuborishini maʼlum qilgan.

https://t.me/bbcuzbekTELEGRAM