'O'zbekistonda biznes yaqinda ochiqlikka chiqadi'

Фото муаллифлик ҳуқуқи Silkroadreporters.com

Qozog'istonning sobiq moliya vaziri va taniqli ishbilarmon Zeynulla Kakimjanov o'zbek iqtisodiga doir qator umidbaxsh bashoratlar qilgan.

Uning 365info.kz nashri bilan suhbatda aytishicha, bugungi kunda Markaziy Osiyo davlatlari orasida aynan O'zbekiston iqtisodiy taraqqiyotning yangi bosqichiga ko'tarilish uchun eng yaxshi imkoniyatlarga ega.

Qozog'iston hukumati sobiq mulozimining so'zlariga ko'ra, "agar yangi rahbariyat barcha mexanizmlarni to'g'ri ishga tushirsa, iqtisodiy taraqqiyot juda ham tez sur'atlarda yuz beradi".

Janob Kekimjanovning aytishicha, muvaqqat prezident Shavkat Mirziyoyevning xususiy tadbirkorlikni himoya qilishga qaratilgan qadamlari ortidan tez orada mamlakat aholisi orasida tadbirkorlik faoliyatining ko'tarilishini kutish mumkin.

"O'zbeklar, - deb aytgan u, -juda ham mehnatkash va tadbirkor xalq. Ammo xususiy tadbirkorlik O'zbekistonda hozirgacha yaxshi himoyalanmagan edi".

Qozog'istonlik iqtisodchining fikricha, yaqin kelajakda O'zbekistonning qishloq xo'jaligi, xizmat ko'rsatishning barcha turlari, sayyohlik, uy-joy qurilishi, hunarmandchilik va engil sanoat qo'shni davlatdagi iqtisodiy o'sishning ustuvor yo'nalishlariga aylanadi.

"Mamlakatning soya iqtisodiyoti ochiqlikka chiqadi va odamlar o'z daromadlarini ko'rsatishdan qo'rqmaydigan bo'ladilar", - deb aytgan Qozog'iston hukumatining sobiq a'zosi.

U iqtisodiy jihatdan qudratli O'zbekiston Qozog'iston va mintaqa uchun foydali bo'lishini ta'kidlagan.

Saylovoldi tadbirlarimi?

O'zbekistonning o'zida ham prezident Islom Karimovning vafoti ortidan iqtisodiy o'sish sur'atlarining jadallashishi, tadbirkorlikka keng yo'l ochilishi va qo'shni davlatlar bilan savdo-sotiqning rivojlanishiga doir umidlar kuchaygan.

Bunga prezident vazifasini bajaruvchi Bosh vazir Shavkat Mirziyoyevning ilk qadamlari, jumladan, meva-sabzavot savdosidan majburiy valyuta tushumini 50 foizdan 25 foizga tushirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka davlat organlarining aralashuvini tubdan qisqartishni ko'zda tutuvchi farmonlari, shuningdek, mamlakatda etishtirilayotgan paxtaning 70 foizini tumanlarda qayta ishlashga doir bayonotlari sabab bo'lgan.

Qozog'istonning sobiq moliya vaziriga ko'ra, Mirziyoyevning ushbu qadamlari "saylovoldi tadbirlari" emas.

Janob Kakimjanovning aytishicha, hozirda asosiy muammo o'zbek so'mining konvertatsiyasi.

"Men ma'lum vaqt (ikki yil) ichida milliy valyutani barqarorlashtirish va konvertatsiyaning qora bozoriga barham berishda hech qanday muammo ko'rmayapman", -degan qozog'istonlik iqtisodchi.

Korruptsiya

Aksariyat tahlilchilarga ko'ra, O'zbekiston iqtisodiyotidagi har qanday jiddiy islohotlar mamlakatdagi korruptsiya va poraxo'rlik darajasini pasaytirishdan boshlanishi kerak.

Ammo janob Mirziyoyev hozirgacha qadar korruptsiyaga qarshi kurash borasida biron dasturni e'lon qilganicha yo'q.

Qaytaga u marhum prezident Islom Karimov davrida korruptsiya ayblovlari bilan hukumatdan chetlatilgan qator mulozimlarni lavozimga tiklagan.

O'zbekiston moliya vazirligining sobiq mulozimi, Ostonadagi Ovrosiyo Universiteti dotsenti Saparboy Jubaevning aytishicha, hukumat tarkibidagi ilk o'zgarishlar korruptsiyaga qarshi kurashning yo'qligini ko'rsatadi.

"Korruptsiya faqat O'zbekiston emas, balki butun mintaqaga xos muammo. O'zbekistonda korruptsiyaga qarshi kurash boshlanadimi, degandik, afsus, umidimiz biroz so'ngandek bo'ldi", - deydi Saparboy Jubaev.

Uning aytishicha, Mirziyoyev boshlagan islohotlarning qanchalik jiddiyligi haqida prezident saylovlaridan keyin xulosa chiqarish mumkin bo'ladi.

Bi-bi-si O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring