Qozog‘istondagi boshpana izlovchilarning bolalari maktabga olinmaydi

O‘zbekistonlik boshpana izlovchilarning bolalariga maktab ma‘muriyatlari bilim olishni taqiqlab qo‘yishdi
Image caption O‘zbekistonlik boshpana izlovchilarning bolalariga maktab ma‘muriyatlari bilim olishni taqiqlab qo‘yishdi

1 sentyabrь, MDH hududida Bilimlar kuni, deyarli 3 oy davom etgan yozgi dam olishdan so‘ng o‘quvchilar maktablarga qaytishadi. Xalqaro huquqlar bolalarning ta‘lim olish huquqini ta‘minlaydi. Ammo, Qozog‘istondagi boshpana izlovchilar Qozog‘iston ichki qonunlari bo‘yicha bolalarini maktabga bera olmaydi. Bir necha yillardan beri Qozog‘istonda uchinchi davlatga chiqarilishlarini kutayotgan ushbu boshpana izlovchilarning ishi Qozog‘iston hukumati qo‘liga o‘tgach ilk marotaba mana shunday muammoga duch kelmoqda.

Bir necha yillardan beri Qozog‘istonda uchinchi davlatga chiqarilishlarini kutayotgan ushbu boshpana izlovchilarning ishi Qozog‘iston hukumati qo‘liga o‘tgach ilk marotaba mana shunday muammoga duch kelmoqda.

Uch oylik ta‘tildan so‘ng Qozog‘istondagi o‘quvchilarning deyarli hammasi maktabga qaytishdi. Ammo o‘zbekistonlik boshpana izlovchilarning bolalariga maktab ma‘muriyatlari bilim olishni taqiqlab qo‘yishdi.

Bir necha yillardan beri Olma otada qo‘nim topgan o‘zbekistonlik Umida Azimovaning bolalari shu paytgacha shahardagi 160-o‘rta ta‘lim maktabiga muammosiz qatnab kelardi. Ammo, bu o‘quv yilidan boshlab uning bolalarini maktab ma‘muriyati o‘qitishdan bosh tortdi.

- 160-maktab direktor o‘rinbosari Gulnora Quralbekova degan ayol bilan uchrashdim. U bizga qandaydir qonun ko‘rsatib, bolalaringizning maktabda o‘qishga haqqi yo‘q. Biz qirg‘izlarni ham o‘zbeklarni ham olayotganimiz yo‘q, dedi. Chet el fuqarolarining "propiskasi" bo‘lishi kerak yoki "fuqaroligi yo‘q shaxs" degan qog‘ozlaringiz bo‘lsa, sizlarni maktabga olamiz, deb qonun ko‘rsatdi, deydi Umida Azimova.

Umida Azimova duch kelgan muammo Olma ota shahridagi boshqa qochqinlarning ham boshiga tushgan. 160-o‘rta ta‘lim maktabi direktor o‘rinbosari Gulnara Bekjunusovaning Bi-bi-siga aytishicha, 2007 yil 27 dekabrь kungi sana bilan Qozog‘iston Ta‘lim vazirligi tomonidan tasdiqlangan 659 - sonli buyruq bor va shunga asosan boshpana izlovchilarning bolalari qozoq maktablarida o‘qiy olmaydi.

"16 yoshgacha bo‘lgan xorijlik yoki fuqaroligi yo‘q bolaning ota-onasi yoki qonuniy vakili, bolani ta‘lim muassasasiga berishda Qozog‘iston respublikasida doimiy yashash huquqi borligini ko‘rsatishi kerak, shu bilan birga yashash joyidan ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lishi lozim," - deydi buyruqdan iqtibos keltirgan Gulnara Bekjunusova.

Ta‘lim vazirligining ushbu qarorini maktab rahbariyati oradan qariyb 3 yil o‘tganidan so‘ng 2010 yilning iyunь oyida olishgan. Shaxsan prokuratura xodimi kelib buyruqni ko‘rsatgan va ijro etilishini talab qilgan. Maktab direktori o‘rinbosari nima uchun buyruq 3 yil o‘tib amalga kirayotgani haqida hech qanday izoh bera olmadi.

Asosan muhojirlarning huquqini himoya qilish bilan shug‘ullanuvchi huquqshunos Denis Jivaga bu borada Olma ota migratsiya qo‘mitasiga maktub yozilganini va prokuratura orqali ushbu muammoni yechishga harakat qilinayotganini bildirdi.

Biroq, boshpana izlovchilarning ishini ko‘rib chiquvchi kommissiya boshlig‘i Olma ota migratsiya qo‘mitasi departamenti direktori Gulsara Altinbekova boshpana izlovchilarning bolalari bilim olishga haqqi yo‘qligini aytgan.

- 20 avgust, juma kuni Altinbekova bilan shaxsan uchrashganimizda, bolarimizni maktabga qabul qilmayotganini gapirdik. Uchrashuvda Altinbekovaning shaxsan o‘zi "bolalaringning maktabda o‘qishga haqqi yo‘q", deb aytdi. Chunki bizning ishimiz hali ko‘rib chiqilmoqda ekan va bizda qochqin maqomi bo‘lmaganini sabab qilib, bolalarimizning maktabda o‘qishga huquqi yo‘qligini aytdi, deydi bolasini maktabga bera olmayotgan o‘zbekistonlik boshpana izlovchi Umida Azimova.

Huquqshunosga Denis Jivaga migratsiya qo‘mitasi departamenti direktorining so‘zlari xalqaro qonunlarga mos kelmasligini aytadi.

"Men Altinbekova haq emas deb o‘ylayman. Chunki, Qozog‘iston Bolalar huquqi bo‘yicha konventsiyani ratifikatsiya qilgan. Unda ta‘lim olish huquqi kafolatlanadi. Yana o‘ylaymanki, davlat "Qochqinlar to‘g‘risida"gi konventsiyaga ham imzo qo‘ygan. Bu ham boshpana izlovchilarning ta‘lim olish huquqlarini himoya qiladi. Chunki, ko‘plab boshpana izlovchilarga yillar davomida komissiya tomonidan berilgan rad javobidan norozi bo‘lib shikoyat yozadi. Bundan kelib chiqadiki, yillar davomida ularning bolalari ta‘limsiz qolishi kerakmi?!" - deydi Denis Jivaga.

Qozog‘istonda 2010 yilning 1 yanvaridan boshlab "Qochqinlar to‘g‘risida" qonun qabul qilindi va boshpana izlovchilarning ishlari BMTning qochqinlar bilan ishlash oliy komissarligi zimmasida hukumat organlari qo‘liga o‘tdi.

Huquqshunoslarga ko‘ra yangi qonunda qochqinlarning huquqi haqida gap ketadi, boshpana izlovchilarning huquqi borasida ta‘lim olish borasida biror norma ko‘rsatilmagan. Bu narsa qonunning mukammal ishlab chiqilmaganidan darak beradi, deydi kuzatuvchilar.