Tojikistonda yangi pul birliklari joriy etilgan

Tojik puli
Image caption Tojik pu birligi

Tojikiston Prezidenti matbuot xizmatidan bildirishlaricha, yangi pul birliklari 3, 200 va 500 somoniy bo‘lib, 10 sentyabrdan muomalaga kiritiladi.

Yangi pul birliklarining joriy etilishi mamlakat moliya bozorida yirik pullarga bo‘lgan talabning ortganligi bilan izohlangan.

Oddiy tojikistonliklar oldi-sotdida 3 somoniylik asqotishi mumkinligini aytishmoqda. Lekin, ayni bir paytda 200 va 500 somoniylik pullarni chiqarishga hojat yo‘qligi, ko‘p odamlar hatto yuz somoniylikni ham qo‘llariga ushlamaganliklari haqida ham gapiriladi.

Yangi 3 somoniylikda Tojikiston Xalq Qahramoni Shirinsho Shotemur, 200 somoniylikda Tojikistonning yana bir Qahramoni Nusratullo Maxsumning suratlari bor. 500 somoniylik pulda esa, tojik adabiyoti asoschisi Rudakiy aksi tushirilgan.

Oddiy xo‘jandliklarning aytishlaricha, garchi uch somoniylik tanga bo‘lsa-da, u juda oz va yangi uch somoniylik qog‘oz pul oldi-sotdida asqotadi.

Lekin, yirik pullar, jumladan 500 somoniylikka ham ehtiyoj borligini aytayotganlar ham yo‘q emas:

"Tojikistonda bundan ikki oy oldin eng oz ish haqi va eng oz nafaqa 80 somoniydan qilib belgilandi. Bu 20 AQSh dollariga ham yetmaydi. Boshqa nafaqalar ham oshirildi", deydi suhbatdoshlardan biri.

Xo‘jandlik sakson yoshdan o‘tgan otaxon barmoqlarini bukib, agar yemay-ichmay nafaqa pulini yiqqanda qachon qo‘li 500 somoniylik ko‘rishini hisoblaydi:

"Hozir yangisi, oshirilganidan keyin 84 somoniy olyapman. Oldin oltmish uch so‘m edi. Mana endi qarang-da, sakkizni nechaga ko‘paytirsak, 500 bo‘ladi? Ha, buning uchun yetti oy nafaqa olishim kerak ekan. Biron nima sotib olmasdan, na yeb, na ichmasdan bittalab yig‘ishim kerak. Yigirma yil oldin pensiyaga chiqqandim. O‘shanda 97 so‘m pensiya olardim. Bunga to‘rt xalta un berardi. Hozir bo‘lsa, oladigan nafaqamga bir xalta un ololmayman", deydi otaxon qo‘lidagi bir somoniylikka tikilib.

"Yirik pullar chiqarilishi yana bozor narxini oshirishidan xavotirdaman", deydi asli kasbi o‘qituvchilik ekanligini aytgan Xolniso Nosirova:

"Tojikistonda oylik iste‘mol savati kishi boshiga 100 somoniy yoki 23 AQSh dollarini tashkil etishi, o‘rtacha maosh esa 380 somoniy yoki 90 AQSh dollari atrofida ekanligi eslatilsa, yirik pul birliklarini joriy etish zaruriyati yo‘q edi", deydi iqtisodchi Shokir Sharipov.

Kuzatuvchilar esa, jahonda milliy pul qadrsizlanib ketganda va inqiroz avj olgan paytlarda yirik pullar joriy etilishini eslatishadi.

Rasmiy ma‘lumotlarga qaraganda esa, Tojikistonda o‘tgan yili inqiroz 5 foizni tashkil etgan bo‘lsa, bu yil 3 foizga ham yetmagan.

Tojikiston puli - somoniy bundan o‘n yil oldin muomalaga kiritilgan edi. O‘shanda bir somoniy deyarli bir AQSh dollariga teng edi. Hozirda bir dollar deyarli to‘rt yarim somoniyga teng.