"Yaponlar choyxonada o‘zimizga o‘xshab, chordona qurib o‘tirishardi"

O‘n minglab yapon asirlari sovet mehnat lagerlarida jon taslim qilgan
Image caption O‘n minglab yapon asirlari sovet mehnat lagerlarida jon taslim qilgan

Rossiya bu yil ilk bor Ikkinchi Jahon Urushi tugagan kunni nishonlamoqda. Prezident Medvedev imzolagan qonunga muvofiq, bundan buyon har yilning 2 sentyabri urush rasman nihoyasiga yetgan kun sifatida nishonlanadi. Yangi sanaga 1945 yilning 2 sentbyarida Yaponiyaning taslim bo‘lish haqidagi aktni imzolagani asos qilib olingan.

Yaponiyaning Kvantun armiyasining yuz minglab askarlari uchun bu janglarning tugab, sovetlar ittifoqidagi og‘ir qullik mehnatining boshlanishini anglatardi.

Asir tushgan 575 ming yapon Imperatorlik armiyasining askarlari sovetlarning zarbdor qurilishlari, jumladan, O‘zbekiston va Tojikistonda mehnat qilganlar.

Ulardan ba‘zilarining hoki shu yerda.

Kazarma-ish-maydoni-kazarma

Boqi ota Soqiyev asli Andijonning Paxtaobod tumanidan. Uning o‘smirlik va yoshlik yillari vaqtida O‘zbekistonda eng muhim qurilishlardan sanalgan Farhod GESi va uning to‘g‘onini bunyod etishda o‘tgan.

Farhod GESi qurilishi ikkinchi jahon urushining ayni avjida, 1942 yilda boshlangan. Yosh Boqi qurilishda avvaliga choyxonachilik qilgan, so‘ng tosh kesishni o‘rgangan. Boqi ota urush tugagan paytda Farhod GESi qurilishiga kelgan yapon asirlarini yaxshi eslaydi.

"Yaponlar GESda, GESga boradigan kanal qurilishida ham ishlashgan. Ular qaysi ishni buyurishsa, qilaverishardi. Yer qazi desang, yer qaziydi, tosh tashi desang, tosh tashiydi".

Boqi otaning aytishicha, yaponlarga uch mahal ovqat berilardi. Boshqalar qatori ular ham kuniga 600 gramm non olishardi.

"Non yetishmasdi. Bir sutkada 600 gramm non berishardi. Ertalab 200, tushlikda yana shuncha va kechki ovqatga 200 gramm. Hech kim sen to‘ydingmi, demaydi. Ishlayverishardi", - deydi tojikistonlik faxriy.

Otaxonning aytishicha, yaponlarga ham ish normasi belgilanar, uni bajarishga majburlashardi. Ularni ko‘p o‘tirishga ham qo‘yishmagan, ruslardan qo‘yilgan ishboshilar tez ishlashga undab turishgan.

Boqi ota yaponlarni ish maydoni va ular yashaydigan kazarmadan boshqa yerga, masalan, bozorga borgani qo‘yishmaganini yodga oladi. Agar mabodo biron-bir asir qoidani buzsa, jazolashgan.

U birinchi marta yaponlar bilan choyxonachilik qilib yurgan kezlar uchrashgan.

"Yaponlar choyxonada o‘zimizga o‘xshab, chordona qurib o‘tirishar, ko‘zlarini yumgancha choy ho‘plashardi",- deydi Boqi ota.

"Ih"lamaydigan odamlar

Image caption Boqi ota: 'yaponlar halol ishlashardi '

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, 23 ming nafarga yaqin yapon zobiti va askari Toshkent, Angren, Qo‘qon, Kogon kabi shaharlarda ishlagan.

Yaponlar Toshkentdagi Alisher Navoiy nomli teatr, To‘qimachilik kombinati, Chirchiqdagi kimyo mashinalari va qishloq xo‘jalik mashinalari zavodlari kabi qurilishlarda qatnashishgan.

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, Farhod GESi, to‘g‘on va kanallar qurilishida, Bekoboddan Toshkentga yuqori shiddatli elektr uzatish tarmog‘ini tortishda 3 mingdan tortib 5 ming nafargacha yapon asiri ishlagan.

Boqi otaning aytishicha Farhoddagi qurilish asosan qo‘l mehnati bilan bajarilardi:

"Ekskavator, traktor yo‘q edi. Tuproq qo‘lda qazilib, qopga solinardi va yelkada tashilardi. Men bu og‘ir mehnatni qilayotgan biron-bir yaponning "ih"laganini eshitmaganman".

Yaponiya Sog‘liqni saqlash, mehnat va turmush vazirligi ma‘lumotlariga ko‘ra, asir olingan 575 ming yapondan 473 ming nafari vataniga qaytarilgan. Lekin 55 ming nafar yapon hayotdan ko‘z yumgan, 47 ming nafar asir dom-daraksiz ketgan.

"Qurilishda ishlagan boshqa odamlar – o‘zbeklar, ruslar, olmonlar kabi ajali yetgan yaponlar ham o‘lardilar, ularni adirlikka ko‘mgan bo‘lishlari mumkin",- deydi Boqi Soqiyev.

"Yaponlarning o‘lganini eshitganman, lekin qayerga ko‘mishganini ko‘rmaganman. Adirlarga ko‘milgan, deyishardi. Shirinsoy deydi, Farhod deydi. Yaponlarni qayerda zarur bo‘lsa, o‘sha yerga olib borib ishlatishgan. GESdami, kanal qazishdami, tunnel qurishdami... Ular halol ishlashardi. Nemislar ham ham, yaponlar ham birovni aldashmasdi".

Qamoqxonadan maktub

Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida chekkaroq bir ko‘chada Ikkinchi jahon urushidan keyin O‘zbekistonga jo‘natilgan yapon harbiy asirlariga bag‘ishlangan kichik bir muzey bor.

Muzey ko‘rgazmalariga ko‘ra, yapon asirlari qabrlarining aniq-taniq bo‘lmasligi borasida sobiq Sho‘rolar Ittifoqi Ichki ishlar vazirligi qamoqxonalar bo‘limi boshlig‘i Bulanovning 1958 yildagi maktubi ma‘lum darajada oydinlik kiritishi mumkin.

Qamoqxonalar boshlig‘i bu maktubini o‘sha paytda O‘zbekiston Ichki ishlar vaziri muovini bo‘lib ishlagan Beglov nomiga yo‘llagan.

Maktubda harbiy asirlar ko‘milgan 15 ta qabristonni yo‘q qilib tashlash aytilgan. Qabristonlarni yo‘qotishda qabr tepachalarini tekislab tashlash, marhumni ma‘lum etguvchi belgilar va to‘siqlarni olib tashlash ko‘rsatilgandi.

Yosh tarixchi Munira Begimqulova Farhod GESi yaqinidagi Tojikistonga qarashli Hashtiyak qishlog‘ida yashaydi.

"Yaponlar ikkinchi jahon urushida asirlikka olinib, biz tomonlarga olib kelingan. Ularning qurilish vaqtida o‘lganlarining ayrimlarini kanal qazilganda chiqqan tuproq ostiga ko‘milgan deb ham aytishadi. Ayrimlarini esa maxsus ajratilgan joyga hech qanday marosimsiz dafn etishgan", - deydi tarixchi.

Munira Begimqulova aslida Farhod kanaliga yaqin qishloqda tug‘ilib, o‘sgani uchun yapon harbiy asirlari haqida qariyalarning hikoyalarini eshitib kelgan.

Uning aytishicha, O‘zbekiston tomonda yapon harbiy asirlari ko‘milgan qabrlar aniqlangach, marhumlarning yaqinlari Yaponiyadan kelib, o‘z urf-odatlariga ko‘ra qayta dafn marosimi o‘tkazishgan.

Bu qabristonda o‘zga yurtda dunyodan o‘tgan yapon harbiy asirlarining ism-shariflari bitilgan marmar tosh o‘rnatilgan.

"O‘ris go‘riga kimlar ko‘milgan?" Hashtiyak va uning atrofida yashaydigan mahalliy aholi orasida "O‘ris go‘ri" deb atalgan boshqa bir qabristonga ham musofirlarning jasadi qo‘yilgan. Chunki musulmon urf-odatlariga ko‘ra, aholi boshqa dinda bo‘lgan odamlarni o‘z qabristonlariga qo‘yishni istamagan.

Obod etilgan bu qabristonni marhum yaponlarning qarindosh-urug‘lari olis yurtdan kelib, ziyorat qilib ketishadi.

Qishloq chetidagi bu qabristonga boshqa dindagi musofirlar kabi ko‘proq Farhod qurilishida ishlagan asirlar-yapon va olmonlar ko‘milgan, degan gap-so‘zlar ham yuradi.

Sobiq Sho‘rolar Ittifoqi qamoqxonalar boshlig‘ining harbiy asirlarning yo‘qotilgan qabristonlari o‘rnini hujjat asosida o‘sha paytdagi yerdan foydalanuvchilarga berish borasidagi ko‘rsatmasi qabristonni chetlab o‘tgan.

Toshkentdagi yapon asirlari hayoti muzeyidagi ma‘lumotlarga ko‘ra, hozirda O‘zbekiston tuprog‘ida 800 nafardan ortiq yapon asiri abadiy uyquda. Jumladan, Bekobodda 145 yapon asiri ko‘milgani aniqlangan.

O‘zbekistonda bundan sakkiz yil oldin yaponlar yotgan qabrlarni obodonlashtirish ishi nihoyasiga yetkazilgan. Ana shu qabristonlardan biri Yakkasaroydagi muzey yaqinida joylashgan.

Tojikiston tuprog‘iga ko‘milgan yapon harbiy asirlarining soni ham, kimliklari ham ma‘lum emas.