Xo‘jandda amalga oshirilgan hujum ortida kim turgan bo‘lishi mumkin?

Tojikiston Ichki ishlar vazirligiga ko‘ra, So‘g‘d viloyati Ichki ishlar binosi yonida yuz bergan portlashda 20dan ortiq inson tan jarohati olgan. Ularning aksari militsiya zobitlari ekanlari aytiladi.

Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmatidan Muhammadjon Narziyevning aytishicha, So‘g‘d viloyati Ichki ishlar binosi yonida yuz bergan portlash xudkushlik hujumi bo‘lgan.

Uning aytishicha, hujumchi yoki hujumchilar "O‘zbekiston Islomiy Harakati a‘zolari" bo‘lishlari mumkin. Xo‘sh, Tojikiston ichki ishlar vazirligi mulozimi bayonotida qanchalar jon bor? Bi-bi-si O‘zbek Xizmati ushbu savolni Xo‘janddan mustaqil jurnalist Ne‘mat Mirsaidovga bergan:

Ne‘mat Mirsaidov: Men bir necha taxminlarni keltirishim mumkin: bu hibsdagi odamlarga har doim ham yaxshi munosabatda bo‘lmaydigan Tojikiston ichki ishlar xodimlariga qarshi qasos olish amali ham bo‘lishi mumkin. Boshqa tomondan, buni jinoyi guruhlar orasidagi kurash deyish ham mumkin. Qo‘limda to‘plangan ma‘lumotlarga ko‘ra, mazkur binoning oltinchi bo‘limida bir nechta kishi Isfara tumanida yashagan kriminal avtoritet-bozor raisi Homid Karimovning o‘limida ayblanib, hibsda saqlanayotgan bo‘lishgan. Homid Karimov o‘ttizinchi avgust kuni otib o‘ldirilgandi. Va uning o‘limida gumon qilingan shaxslarni aynan ushbu xudkushlik hujum orqali yo‘q qilish maqsad qilingan degan fikr ham bor menda. Ya‘ni, bu portlash hibsdagi shaxslarga qarshi uyushtirilgan.

Bi-bi-si: Lekin, shu bilan birga Tojikiston Ichki ishlar vazirligi berayotgan taxminlarga ko‘ra, "O‘zbekiston Islomiy Harakati" ham mazkur amaliyotda ishtirok etgan. Siz bunga nima deysiz?

Ne‘mat Mirsaidov: Men aytishim kerak, ularda hamisha bu taxmin tap-tayyor bo‘ladi. Ya‘ni, har qanday hibsga olingan shaxsga nisbatan "O‘zbekiston Islomiy Harakati"dan degan tamg‘a qo‘yiladi. Hibsga olingan shaxs ehtimol hech qachon ushbu tashkilot a‘zolari bilan uchrashamagandir, ularning dasturi va nizomi borasida biror narsani bilmas ehtimol. Ammo, bu taxmin doim o‘rtaga qo‘yilaveradi.

Bi-bi-si: Sizning nazaringizda, "O‘zbekiston Islomiy Harakati" Tojikistonda qanchalik faol?

Ne‘mat Mirsaidov: Men farazimga ko‘ra, o‘tgan hafta Dushanbe SIZOsidan yigirma besh mahbus qochishi ortidan vaziyat taranglashib ketgan. Har qanday jinoiy unsurlar mazkur tashkilotga qo‘shilib ketishlari mumkin va bu o‘z navbatida, ayrim tahdidlarni tug‘dirishi ehtimoli bor. Lekin, hozirga qadar Tojikiston hududida, xususan, So‘g‘d viloyatida bu kabi terroristik hujum shu vaqtga qadar sodir bo‘lmagan. Ya‘ni, o‘z joniga qasd etgan hujumchi haqida gapirsak, albatta, bu xavotirli, deb o‘ylayman.

Bi-bi-si: Siz o‘zingiz ham buni tan olayapsiz, ya‘ni Tojikistonda xudkushlik hujumlari ro‘y bermaganini, shunday ekan, nima sababdan aynan xozirda bu kabi hujum amalga oshirilmoqda?

Ne‘mat Mirsaidov: Agar men boshida aytib o‘tgan taxminlarni olsak, ya‘ni bu hujum militsiya xodimlariga qarshi uyushtirilgan haqidagi taxminlar nuqtai nazaridan qarasak, bu odamlar ilojsiz ahvolda qoldirilganidan dalolat berishi mumkin. Ular bu muammoga qanday yondashishni bilishmaydi. Va eng yakuniy chora o‘laroq o‘zboshimcha hatti-harakatlarga qo‘l urgan militsiya xodimlari bilan birga o‘z joniga qasd qilib, o‘lishni afzal ko‘radilar. Lekin, shu bilan birga diniy ektremistlar ham bunday amalga qo‘l urishlari mumkin.

Bi-bi-si: Tojikiston jamiyatida nochorlik va ilojsizlik hollari qay darajagacha chiqqan?

Ne‘mat Mirsaidov: Men o‘ylashimcha, jamiyatda aldangan musulmonlar va ularga bunday o‘lim muqaddas deb uqtirgan shaxslar ham yo‘q emas. Ya‘ni, shahid bo‘lish eng oliy maqsad degan ma‘noda. "Agar Qur‘onda odamni o‘ldirish eng katta gunoh deb aytilsa, o‘z joniga qasd etish bu Islom yo‘lida qurbon bo‘lishni anglatadi", deb turgan rahbarlar ham bor.

Bi-bi-si: O‘tgan xafta Dushanbe sizlaridan qochishga muvafaq bo‘lgan 25 mahbusning amaliyoti bugungi mamlakat shimolida ro‘y bergan hujumga aloqasi umuman ko‘rib chiqilmoqdami?

Ne‘mat Mirsaidov: Har holda xavfsizlik kuchlari qochishni bugungi terrortsitk amaliyot bilan bog‘layotganlari borasida menda xozir ma‘lumot yo‘q. Men shaxsan o‘zim bu taxminlarni jiddiy qabul qilgan bo‘lardim. Chunki, So‘g‘d viloyatini Tojikiston janubi bilan bog‘laydigan maxfiy yo‘llar mavjud. Qochib ketgan mahbuslarning ayrimlari shimolga o‘tib, mamlakatdagi vaziyatni beqarorlashtirishga urinishga qo‘l qo‘yganlari yo‘q emasdir ehtimol... Lekin, shu bilan birga, men o‘ylaymanki, bugungi hujum beqarorlashtirishga intilgan hujum bo‘lmagan. U ko‘proq o‘ch olish harakatiga o‘xshagan.