Xalqaro tashkilotlar Azimjon Asqarovga chiqarilgan hukmni qoralab chiqishdi

Azimjon Asqarov
Image caption Qirg‘iziston Ombudsmeni Tursunboy Oxun Azimjon Asqarovga adolatsiz hukm o‘qilganini aytgan

Inson huquqlarini himoya qiluvchi xalqaro tashkilotlar Qirg‘izistonda yetakchi huquq faoliga berilgan bir umrlik qamoq jazosini qoralab chiqishgan. Ularga ko‘ra, Azimjon Asqarov ustidan o‘tkazilgan mahkama adolatsiz o‘tgan.

Jalolobod viloyati Nooken tumani Masы qishlog‘ida 15 sentyabr kuni o‘tgan mahkamada hakam Asqarovga bir umrlik qamoq jazosi belgilagan va mol-mulkini musodara qilishga oid qaror chiqargan.

Azimjon Asqarovga ommaviy tartibsizliklarda ishtirok etish hamda hukumat rasmiylariga bo‘ysunmaslikka chaqirish va zo‘ravonlik qo‘llash orqali millatlararo adovatni keltirib chiqarish kabi ilk ayblovlar qo‘yilgandi

Qirg‘iziston janubida o‘tgan iyun oyida qirg‘iz va o‘zbek jamoalari o‘rtasida yuz bergan zo‘ravonliklarda aksari o‘zbeklardan iborat yuzlab inson nobud bo‘lgani va 400 ming kishi boshpanasiz qolgani aytiladi.

Etnik o‘zbek bo‘lgan Azimjon Asqarovga chiqarilgan hukm hukumat zo‘ravonliklarni keltirib chiqarishda faqat o‘zbeklar javobgarlikka tortayotgani borasidagi yangi qo‘rquvlarga sabab bo‘lgan.

Xalqaro Amnesti guruhiga ko‘ra, Asqarov hibsga olinishidan oldin politsiyaning zo‘ravonliklarga bosh qo‘shgani xususida dalillar to‘playotgan bo‘lgan.

Hyuman Rayts Uotch, Xalqaro Amnesti va Fridom Houz tashkilotlari chiqargan bayonotlarga ko‘ra, Azimjon Asqarov hamda u bilan birga mahkamaga tortilgan yetti kishi qamoqxonada qiynoqlarga solingan.

Fridom Houzning aytishicha, Asqarov uch kun hech qanday ayblovlarsiz noqonuniy hibsda saqlangan va uning uyida rasmiy ruxsatsiz tintuv o‘tkazilgan.

Bayonotlarda aytilishicha, mahkama jarayonida guvohlar va himoyachilar xavfsizliklari ta‘minlanmagan. Hyuman Rayts Uotchdan Adrea Bergga ko‘ra, "adolatni qaror toptirish uchun o‘tkazilishi kerak bo‘lgan mahkama-xuddi o‘ch olish" amaliga aylangan.

Ayni paytda Qirg‘iziston Ombudsmeni Tursunboy Oxun Azimjon Asqarovga adolatsiz hukm o‘qilgan va u ozod qilinishi kerak deb hisoblaydi