Qirg‘izistonda yangi bosh prokuror va ichki ishlar vaziri tayinlangan.

Image caption Qirg‘iz huquq-tartibot organlari aprelь va iyunь voqealarida qattiq tanqidlarga uchragan

Qirg‘izistonda yangi bosh prokuror va ichki ishlar vaziri tayinlangan. Qirg‘iz xabar agentliklariga ko‘ra, bosh prokuror lavozimini endi General-leytenant Qubatbek Baybolov egalladi.

Hukumati ag‘darilgan Qurmanbek Bakiyev prezidentligi davrida janob Baybolov muxolifatda bo‘lgan.

U Ak-Shumkar siyosiy partiyasining sobiq raisi va uch karra parlament a‘zosidir.

Janob Baybolov, shuningdek, Qirg‘izistonning jinoiy va fuqarolik kodeksining muallifidir.

U 2008 yil yanvarida siyosatni tark etayotganini rasman e‘lon qilgan, 2009 yil martida esa mamlakatni tark etib, AQShda siyosiy boshpana so‘ragan.

Muvaqqat hukumat tarkibida janob Baybolov ichki ishlar vaziri lavozimida ishlab kelayotgandi.

U, shuningdek, uch hafta Jalolobod shahri va Jalolobod viloyatidagi Suzoq shahrining komendanti bo‘lib ishlagan.

Uning lavozimida xizmat qilgan Boytemir Ibrayev iste‘foga chiqarilgan. Iste‘fo sabablari borasida biron ma‘lumot berilmadi.

Ichki ishlar vaziri etib Bishkek shahri ichki ishlar boshqarmasi rahbari Zarilbek Risaliyev tayinlangan.