Prezident Karimov xalqaro tekshiruv tarafdori

BMTning taraqqiyot sammitida so‘zlagan O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov Qirg‘iziston janubidagi so‘nggi qonli hodisalar yuzasidan mustaqil xalqaro tekshiruv o‘tkazishga chaqirdi.

O‘zbekiston rahbari faqat mustaqil xalqaro tekshiruvgina qirg‘izlar bilan o‘zbeklar o‘rtasidagi yarashuvga yetaklovchi yo‘l ekanini, bunday tekshiruvsiz qonli hodisalar yana takrorlanishi mumkinligini aytgan.

Prezident Karimov BMT qarorgohidagi chiqishida Qirg‘izistonning sobiq rahbari Qurmanbek Bakiyevni "o‘zini obro‘sizlantirgan prezident" hokimiyati deb atagan.

Janob Karimov iyun oyidagi qonli hodisalar ortidan O‘zbekiston 100 mingdan ziyod qochqinlarni qabul qilganini aytgan.

O‘zbekiston rahbari so‘zlariga ko‘ra, bu hodisalar qonli to‘qnashuvlarga O‘zbekistonni ham jalb etish, millatlararo qarama-qarshilikni O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston davlatlari o‘rtasidagi mojaroga aylantirish maqsadini ko‘zlagan "uchinchi kuchlar"ning stsenariysi asosida tashkil etilgan.

Qirg‘iz rasmiylari O‘sh va Jalolobod viloyatlarida ro‘y bergan xunrezliklarda qariyb 400 inson halok bo‘lgan, deb aytishgan.

Biroq norasmiy taxminlar bo‘yicha halok bo‘lganlarning soni rasman e‘lon etilganidan ancha ko‘p.

Aksar qurbonlar otib o‘ldirilgan, ayrim o‘zbek ayollari va bolalari yoqib yuborilgan uylar ichida kuyib halok bo‘lganlar.

Human Rights Watch xalqaro inson huquqlari tashkiloti o‘zbeklarga qarshi hujumlarda Qirg‘iziston hukumat qo‘shinlari ishtirok etganida haqida e‘lon qilgan, xunrezliklar ortidan o‘zbeklarga qarshi kuzatilgan hibs va tergovlar vaziyatni og‘irlashtirishi mumkinligidan xavotir izhor etilgan edi.

"Qirg‘iziston insonparvarlik ko‘magi va qo‘llab-quvvatlovga muhtoj. Ammo bu qonli yovuzliklarning buyurtmachisi, tashkilotchisi va ijrochilari bo‘lganlarni mahkamaviy javobgarlikka tortish maqsadida 11-14 iyun kunlari Qirg‘iziston janubida sodir etilgan bosqinchilik, qotillik va zo‘ravonliklar yuzasidan mustaqil xalqaro tergov o‘tkazish bundan ahamiyati kam vazifa emas", deb aytgan O‘zbekiston prezidenti.

"Har qanday noxolislik va bir yoqlama yondashuvni inkor etadigan o‘z vaqtida o‘tkazilgan ob‘ektiv mustaqil xalqaro tekshiruv, xalqaro hamjamiyatning qattiq printsipial mavqei qirg‘izlar bilan Qirg‘iziston janubidagi o‘zbek ozchiligi o‘rtasidagi yarashuvga yo‘l ochishiga ishonchim komil. Bu mavqedan voz kechish fojeali hodisalarning takrorlanishiga, Qirg‘iziston janubida keskinlikning xavfli manbasi yuzaga kelishiga olib kelishi mumkin", deb aytgan Prezident Islom Karimov.

2005 yil 13 maydagi Andijon hodisalari yuzasidan O‘zbekistonda mustaqil xalqaro tekshiruv o‘tkazish talablari yangragan, bu chaqiriqlarni Prezident Islom Karimov rad etgandi.

Rasmiy Toshkentga ko‘ra, xalqaro islomiy terrorchilar xurujini qaytargan, biroq Andijon bosh maydonidagi xunrezliklar guvohlari O‘zbekiston hukumat kuchlari yuzlab tinch namoyishchilarni otib o‘ldirgani haqida aytganlar.