'Rossiya Qirg‘izistonda millatchilik o‘sib borayotganidan tashvishda'

Bishkekdagi Rossiya elchixonasi bayonot tarqatib, iyun oyidagi qirg‘izlar bilan o‘zbeklar o‘rtasidagi etnik zo‘ravonliklar ortidan millatchilik ortib borayotganidan xavotir izhor etdi.

Qirg‘izistondagi Rossiya elchixonasi ayrim siyosiy rahbarlarning yaqindagi bayonotlarida millatchilik ohanglari kuchayayotganidan xavotirda", deyiladi elchilik tarqatgan bayonotda.

"Konkret etnik guruh uchun alohida huquq va imtiyozlar berish harakatlari millatlararo munosabatlarni normallashtirishga yordam bermaydi, aholining migratsion oqimiga hissa qo‘shadi va Qirg‘izistonning xalqaro obro‘iga salbiy ta‘sir ko‘rsatadi", deyiladi bayonotda.

Rossiya elchixonasi Qirg‘izistondagi vaziyat haqida o‘z nuqtai nazariga ega bo‘lgan fuqarolarga ochiqdan-ochiq bosim o‘tkazilayapti, deydi.

Bayonotda Qirg‘izistonning qator xalqaro tashkilotlar a‘zosi ekani, inson huquqlari bo‘yicha xalqaro shartnomalarni imzolagani eslatib o‘tilgan.

"Qirg‘iziston inson huquqlari hamda milliy ozchiliklar huquqlarini ta‘minlash borasidagi BMT, OXHT, MDHning asosiy normativ hujjatlariga qo‘shilgan, bu bilan barcha qirg‘izistonliklarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro majburiyatlarni o‘z zimmasiga olgan", deyiladi murojaatda.

Shuningdek, Rossiya elchixonasi Rossiya prezidenti va bosh vaziri aytmagan gaplar aytgan qilib ko‘rsatilayotgani noto‘g‘ri deb qayd etadi.

"Rossiya prezidenti va bosh vaziri hech qachon chiqish qilmagan millatchilik ruhidagi fikrlarni Rossiya rahbarlariniki deb ko‘rsatish harakatlari juda noto‘g‘ri", deyiladi elchixona bayonotida.

Shuningdek, elchixona qirg‘izistonlik siyosatshunoslar Aleksandr Knyazevva Nur Omarovga uyushtirilgan hujumlarni qoralagan.

"Afsuski, bunday noqonuniy harakatlar yetarli huquqiy va ijtimoiy-siyosiy bahosini olmayapti", deydi Rossiya elchiligi.

20 sentyabrda Bishkekdagi uyi yaqinida taniqli qirg‘iz siyosatshunosi Nur Omarov kaltaklab ketilgan.

Nur Omarovning ommaviy axborot vositalariga bildirishicha, hujumchilar uning "qirg‘izga o‘xshmagani va Qirg‘izistondagi ahvol haqida qattiq gaplar gapirayotgani uchun" kaltaklaganlar.

Ushbu hujumni u o‘zining siyosatshunos sifatidagi kasbiy faoliyati bilan bilan bog‘lagan.

Hujumdan oldin Nur Omarov kelajak parlament saylovlaridan qirg‘izistonliklarning hafsalasi pir bo‘lishini bashorat qilgan.