Markaziy Osiyoda siyosiy Islom bosh ko‘tarmoqdami?

'Siyosiy Islom Tojikistondan hech qayerga ketib qolgani yo‘q', deydi tahlilchi
Image caption 'Siyosiy Islom Tojikistondan hech qayerga ketib qolgani yo‘q', deydi tahlilchi

Kuzatuvchilarga ko‘ra, Amerikaning Afg‘onistondagi urushi natijasida Afg‘oniston va Pokistonda mag‘lub bo‘lgan O‘zbekiston Islomiy harakati so‘nggi paytlarda o‘z nigohini Markaziy Osiyoga qarata boshlagan. Qirg‘iziston janubidagi etnik to‘qnashuvlar ortidan harakat mintaqadagi musulmonlarga yordamga kelishini aytgan. O‘tgan hafta Rasht vodiysida 20dan ortiq harbiyning o‘limiga sabab bo‘lgan hujum esa, O‘zbekiston Islomiy Harakati jangarilari uylariga qaytayotganlarining yana bir dalili sifatida ko‘rilmokda. Shunday ekan, Markaziy Osiyo vodiylarida nimalar ro‘y bermoqda? Bi-bi-si O‘zbek Xizmati ushbu savolni mintaqa bo‘yicha tahlilchi, yaqinda Londonda chop etilgan "Markaziy Osiyoga nazar" nomli kitob muallifi Dilip Hiroga berdi:

Dilip Hiro: Menimcha, Markaziy Osiyoda Islomiy jangarilarning faollashuvi Afg‘onistondagi Tolibon bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liq. 2002 yildan boshlab, toliblar Pokistonda qayta tashkillana boshladilar va xususan, 2004 yildan boshlab, ular yangi kuch bilan sharqiy Afg‘onistonga sizishni boshladi. Bunda Pokistonning harbiy josuslik xizmatlari roli katta bo‘lgani sir emas. Tolibonning kuchayishi Markaziy Osiyo davlatlari, xususan, Tojikiston va O‘zbekistonga to‘g‘ridan -to‘g‘ri ta‘sir ko‘rsatgan. Bu-birinchi omil. Ikkinchisi - Sovet Ittifoqining qulashidan so‘ng Markaziy Osiyo davlatlarida yuzaga kelgan mafkuraviy bo‘shliq. Bu bo‘shliqda muqobil o‘laroq siyosiy Islomning o‘rtaga chiqishi tabiiy edi. Alal-oqibat Tojikistondagi fuqarolar urushiga olib keldi va urush so‘nggida sobiq kommunistlar islomchilar bilan hukumatni bo‘lishishga majbur bo‘ldilar. Ammo, tojik hukumati oxirgi yillarda bu bo‘shliqni Islomdan oldingi zardushtiylik va oriylar tamadduni singari elementlar bilan to‘ldirishga urinib keldi. Prezident Rahmon tojiklarni imkon qadar Islomdan uzoqlashtirishga harakat qildi va qilayapti. Shu yo‘l bilan Rahmon hukumati mamlakatdagi siyosiy Islomni bostirmoqchi. Ammo, bu bilan muammoni hal qilib bo‘lmaydi. Siyosiy Islom hech qayoqqa ketib qolgani yo‘q. Mamlakatdagi qashshoqlik, korruptsiya, tengsizlik va boshqa muammolar saqlanib qolar ekan, odamlar, ko‘pchilik bo‘lmasligi mumkin, ammo aholining sezilarli qismi joriy tuzumga muqobilini izlayveradi. Bu muqobillardan biri, shubhasiz - siyosiy islom. Afg‘onistondagi Tolibon esa, siyosiy Islomning bir ko‘rinishidir.

Bi-bi-si: Ammo, tojik hukumati zo‘ravonliklarda siz aytayotgan Tolibonni emas, balki O‘zbekiston Islomiy Harakatini ayblayapti. Sizningcha, zo‘ravonliklar ortida faqat O‘zbekiston Islomiy Harakati turibdimi?

Dilip Hiro: Agar sobiq Sovet Ittifoqi tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsangiz, Moskvadagi rahbarlar isyonchilikni bostirish uchun eng ko‘p muammoga duch kelgan hudud bugungi Tojikiston bo‘lganini ko‘rasiz. Etnik tarkibidan qat‘iy nazar, Farg‘ona vodiysi, u xoh O‘zbekiston, xoh Tojikiston va xoh Qirg‘izistonda bo‘lsin, u yerda islomning ta‘siri katta. Hatto sovetlar Fargona vodiysidagi isyonchilikni tag-tugi bilan yo‘qota olmaganlar. Tojik hukumatining hozirgi da‘volariga kelsak, albatta, qachonki, biron hujum yuz bersa, nafaqat Tojikiston balki Pokiston va boshka davlatlarda ham shunday-hukumat xorijiy jangari guruhlarni ayblaydi. Ammo, aslida muammo bundan anchayin chuqurroq. Nazarimda, tojik hukumati mamlakatdagi fuqarolar urushi, bu urushga olib kelgan 1990-yillar boshidagi siyosiy qarama-qarshiliklarni esdan chiqarib qo‘yyapti. Muammoning ildizi yana joriy tuzum va siyosiy Islomga borib taqaladi.

Bi-bi-si: Siz aytayotgan siyosiy Islom qo‘shni davlatlar, jumladan, O‘zbekistonda ham bosh ko‘tarishi ehtimoli qanchalik?

Dilip Hiro: Agar Turkiya tarixiga nazar tashlasangiz, 1924 yil Kamol Otaturk dunyoviy davlatga asos solgan bo‘lsa, o‘tgan butun vaqt davomida davlat xavfsizlik kuchlari, armiya Islomiy guruhlarni bostirib keldi. Ammo, bu 2002 yilga kelib, siyosiy Islomiy partiya bo‘lgan Adolat va Taraqqiyot partiyasining hokimiyatga kelishini to‘xtatib qololmadi. Chunki, aholining aksariyati musulmon bo‘lsa va qandaydir Islomiy bir davlat, albatta, Tolibon talqinidagi radikal bir tartib emas, balki qandaydir mo‘‘tadil bir Islomiy nizomni istasa, bu jarayonni to‘xtatib bo‘lmaydi. Uni faqat sekinlashtirish mumkin. O‘zbekiston, Tojikiston va boshqa Markaziy Osiye davlatlarida voqealarning qanday rivojlanishi ko‘p jihatdan Afg‘onistondagi vaziyatga bog‘liq.

Бу мавзуда батафсилроқ