Prezident Nazarboyevning nomzodi Nobel Tinchlik mukofotiga ilgari surildi

Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyevning nomzodi kelasi yilgi Nobel Tinchlik mukofotiga taqdim etilgan.

Janob Nazarboyev nomzodi bu kabi oliy mukofotga ilgari surilayotgan ilk Markaziy Osiyo prezidentidir.

Turkiyada chop etiluvchi "Turkish Weekly" nashriga ko‘ra, Turk Xalqlari Umumjahon Assambleyasi Qozog‘iston poytaxti Ostonada bo‘lib o‘tgan yig‘ini chog‘ida bu kabi qarorga kelgan.

Assambleya rahbari Ermentay Sultanmurat o‘z qarorlari sababini Qozog‘istonning bugungi kunda dunyo va mintaqada tinchlik-totuvni targ‘ib etishda qanchalik muhim o‘rin tutayotgani bilan izohlagan.

Janob Sultanmuratning aytishicha, "Bugun muntazam ravishda har xil dinlar vakillarining kongresslari bo‘lib o‘tayotgan Ostona har jihatdan dunyoning diniy markazi deb atalishga loyiq shahardir".

"Qozog‘iston esa, Markaziy Osiyo va Turk dunyosining tinch yo‘l bilan taraqqiy topishida muhim o‘rin tutishda davom etmoqda," - deydi u.

Turkiyalik taniqli siyosatchi Ahad Andijoniy bu qaror sababini qanday izohlaydi? - suhbatimizda tinglang:

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди

Nazarboyev nimani qoyillatgan?

Prezident Nursulton Nazarboyev 2003 yilda Ostonada ilk Umumjahon dinlari kongressi o‘tkazadi. Oradan uch yil o‘tib esa, Qozog‘istonda Tinchlik va Totuvlik markazi ochiladi.

Qozog‘iston prezidenti, bundan tashqari, 1995 yilda mamlakatining yirikligi bo‘yicha dunyoda to‘rtinchi o‘rinni egallovchi yadroviy arsenalidan voz kechishga qaror qiladi.

Ko‘plab kuzatuvchilar esa, qozoq rahbarining mustaqillik ortidan tutib kelayotgan neytral tashqi siyosatini alohida urg‘ulashadi.

Yaqindagina Qozog‘iston parlamenti janob Nazarboyevni "Millat rahnamosi" maqomi bilan ham siylagandi.

Qozog‘iston prezident Nazarboyev boshchiligida bu yil Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga raislik ham qilmoqda.

Rasmiy Ostona Qozog‘istonda demokratik islohotlarni amalga oshirish va‘dasi bilan ushbu maqomni qo‘lga kiritgandi.

Ammo qator inson huquqlari faollari janob Nazarboyevning boshqaruvi avtoritar va nodemokratik ekanini aytib kelishadi.

Qozog‘istonda matbuot erkinligi hamon abgor ahvolda, ko‘plab siyosiy faollar ta‘qib ostida va ularni hibsga olish hollari ham tez-tez uchraydi.

Ko‘plab mahalliyu xalqaro siyosatshunoslar esa, Qozog‘istonni o‘tgan iyun oyida Qirg‘izistonda kechgan etnik nizolarni bostirishda sustkashlik qilganlikda ayblashadi.

Ularga ko‘ra, milliy zo‘ravonliklar chog‘ida Qozog‘iston mintaqada ega bo‘lgan qudrati va OXHT raisligi imkon bergan darajada ish tutmagan.

Nursulton Nazarboyev sobiq Sho‘rolar Ittifoqining so‘nggi kunlaridan boshlab, qariyb chorak asrdan buyon Qozog‘istonni boshqarib keladi. Va 2012 yilgi prezidentlik saylovlarida ishtirok etish rejasi ham yo‘q emas.

Janob Nazarboyev nomzodini Nobel Tinchlik mukofotiga ilgari surgan Turk Xalqlari Umumjahon Assambleyasi esa, Qozog‘iston, Turkiya, Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Turkmaniston va boshqa turk davlatlarini o‘z ichiga oladi.

Turkiyalik siyosatchilar qozoq rahbari turk xalqlari yo‘lboshchisi ekanini tez-tez ta‘kidlab turishadi. Shu yilning iyun oyida esa, "Qozog‘iston prezidentining butun Turk dunyosi oldida qilgan xizmatlari uchun" Anqarada uning 3 metrlik haykali ham ochilgandi.

Bundan avval ham ikki amerikalik kongressmen va Qozog‘iston Xalq Assambleyasi tomonidan janob Nazarboyevning nomzodi Nobel Tinchlik mukofotiga ilgari surilgan. Ammo har ikki gal ham qozoq rahbariga ushbu sharafli unvon nasib etmagan.

Sobiq Sho‘ro rahbarlaridan Mixail Gorbachevgina Nobelning Tinchlik mukofotini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lgan.

O‘tgan yilgi Tinchlik mukofoti esa, Amerika Prezidenti Barak Obamaga nasib etgandi.