'Qirg‘izistondagi parlament saylovlari etnik tangliklarni yumshata olmaydi'

Britaniyada chop etiluvchi "Ekonomist" jurnalida chop etilgan maqolada yozilishicha, Qirg‘izistondagi bo‘lajak parlament saylovlari mavjud etnik tangliklarni yumshata olmaydi.

Qirg‘izistonda 10 oktyabrga rejalangan saylovlarga bag‘ishlangan maqola esa, "Mavhumlikka ovoz berish," deb nomlanadi.

Bor-yo‘g‘i 120 ta o‘rin uchun 29 partiyadan uch mingdan ortiq nomzod bellashmoqda. Mintaqaning boshqa avtoritar davlatlarida bu kabi holni uchratish qiyin, deyiladi maqolada.

"Bag‘rikeng xalq" partiyasi rahbari Edil Baysalovdan keltirilgan iqtibosda aytilishicha, Markaziy Osiyo mintaqasi hech qachon bu kabi ashaddiy kurashga guvoh bo‘lmagan.

Janob Baysalovning, "Iyun oyidagi qonli voqealar bo‘lmaganida, buni tantana qilishning vaqti ekanini aytib, chuqur xursinib qo‘yganligi" ham alohida tilga olinadi.

"Qonli voqealar" esa, rasman kamida 371 kishi qurbon bo‘lgan va 75.000 ming o‘zbek qo‘shni O‘zbekistonga qochib o‘tgan iyun oyidagi etnik zo‘ravonliklarni ko‘zda tutadi.

Ammo zo‘ravonliklar va boshboshdoqliklarga qaramasdan, iyun oyi so‘nggida Qirg‘izistonda referendum bo‘lib o‘tgan va 90 foizdan ortiq saylovchilar mamlakat konstitutsiyasiga kiritilgan tuzatishlarni yoqlab, ovoz berishgandi.

Bularning barchasiga qaramasdan, bo‘lajak parlament saylovlari hammasini yangitdan boshlashga umid qilayotganlarning hafsalalarini pir qilishi ham mumkin. Saylovlarda ishtirok etayotgan partiyalarning "Xavotir yoki Xavfsizlik? Birini tanla!" yoki "Birdamlik, Barqarorlik, Xavfsizlik," kabi shiorlari odamlardagi tashvish va g‘amni arita olmagan, deyiladi maqolada.

Qirg‘iziston aholisining 14.5 foizini tashkil etuvchi o‘zbeklar mamlakatdagi ikkinchi yirik etnik guruh hisoblanishadi. Ular hozir o‘zlarini himoyasiz his qilishadi.

"Xьyuman Rayts Votch" xalqaro inson huquqlarini himoya qilish tashkilotining so‘nggi hisobotiga ko‘ra, qirg‘iz hukumat kuchlari ham bilib-bilmay turib, iyun oyida o‘zbek mahallalarida uyushtirilgan hujumlarni rahbatlantirishgan.

Asosan o‘zbeklar istiqomat qiluvchi O‘sh va Jalol-Obodda kechgan etnik nizolar yuzasidan mas‘ullar tomonidan olib borilgan tergov ishlarida esa, ko‘plab qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘yilgan, deb yozadi "Ekonomist".

Maqolaga ko‘ra, Qirg‘izistondagi ayrim partiyalar o‘z saylovoldi targ‘ibotlarida turli etnik guruhlarni namoyon etishlarini bayon qilayotgan bo‘lishsa-da, o‘zbeklar va qirg‘izlar orasidagi munosabatlar tangligicha qolmoqda.

Maqolada iqtibos keltirilgan diplomatlardan birining aytishicha, orada sulhu madorani qaror toptirish uchun vaqtinchalik emas, balki yangi hukumat va yangi parlament lozim.

Xalqaro Inqiroz guruhi vakili Pol Kvin-Jaj esa, qirg‘iz rahbari joriy paytdagi osoyishtalikdan bo‘lajak zo‘ravonliklarning oldini olish yo‘lida foydalana olmaganini ta‘kidlaydi.

Maqola "Parlament saylovlari natijalari qanday bo‘lishidan qat‘inazar, o‘zaro ishonchni qaror toptirish uchun muayyan vaqt lozim bo‘lishi," kabi so‘zlar bilan yakunlanadi.

Biz esa, bundan uch oy burun etnik zo‘ravonliklarga sahna bo‘lgan Qirg‘iziston janubidagi saylovoldi kayfiyatini bilish uchun, O‘sh va Novqat yashovchilaridan ayrimlarini suhbatga tortdik:

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди