Tojikistondagi beqarorliklarda uchinchi kuchlar aybdormi?

Tojikiston sharqidagi Rasht vodiysida harbiylarga qarshi uyushtirilgan hujumda o‘nlab askar va zobitlar qurbon bo‘lganidan 11 kun o‘tib, mamlakat parlamenti yuz bergan hodisalarga o‘z munosabatini bildirgan.

Bayonotda adashib jinoiy guruhlarga kirgan yoshlarning tinch hayotga qaytishlari so‘ralgan.

Parlament vakillari Tojikistondagi voqealarda tashqi kuchlarning qo‘li bor, deb urg‘ulashgan.

Tashqi kuch

Tojikiston parlamenti vakillik palatasi raisi Shukurjon Zuxurov mamlakatdagi so‘nggi siyosiy vaziyat ustida to‘xtalib, qator beqarorliklarda xorijiy kuchlarning qo‘li borligini ta‘kidladi.

"Markaziy Osiyo dunyoning ayrim mamlakatlari uchun geo-politik va geo-strategik manfaatlari yo‘lidagi kurash maydoniga aylangan," dedi mulozim.

Janob Zuxuruov o‘z chiqishida Kamarob darasida halok bo‘lgan askar va zobitlar yaqinlariga hamdardlik bildirdi.

U tez orada Rashtda vaziyat o‘nglanishi, tinchlik-osoyishtalikkka rahna solmoqchi bo‘lgan har bir jinoyatchi esa albatta jazolanishini urg‘uladi.

"Lekin yanglishgan shaxslar va xususan, adashgan yoshlarni jinoyat yo‘lidan qaytishlariga chaqiramiz," dedi Shukurjon Zuxurov.

25 nafar askar o‘limiga sabab bo‘lgan Kamarob darasidagi pistirmadan uyushtirilgan hujumdan so‘ng Rashtda vaziyat keskinlashgan.

Voqeadan sal avvalroq davlat mulozimlari va sobiq muxolifatchi Mirzaxo‘ja Ahmadov o‘rtasidagi muzokaralar bo‘lgandi.

Bunda sobiq dala qo‘mondoni mintaqaga harbiy kuchlar kiritilaversa, ular qaytadan qo‘llariga qurol olishga majbur bo‘lishlari bilan ogohlantirgandi.

Harbiylar 23 avgust tunida Tojikiston Milliy xavfsizlik qo‘mitasining vaqtinchalik saqlash hibsxonasidan qochgan mahbuslarni qo‘lga olish uchun yo‘llanganligi e‘lon qilingan.

So‘nggi rasmiy xabarlarga ko‘ra, aynan Mirzaxo‘ja Ahmadaov guruhi a‘zolari deb aytilayotgan kishilardan 10 ga yaqini halok etilgan, yana bir nechtasi esa hibsga olingan.

O'sha davlatlar kimlar?

Parlament deputati, Tojikiston Islom Uyg‘onish partiyasi raisi Muhiddin Kabiriy mamlakatdagi so‘nggi beqarorliklarda xorijiy davlatlar qo‘li bor, degan fikr dalil-isbotga ega deb aytadi.

- Qo‘li bor davlatlarning nomi aytilmaganligi bu davlatlar Tojikistonning ichki ishlariga bundan buyon aralashishdan o‘zlarini tiysinlar, degan andishada, shuningdek, masalani qurol ishlatmasdan hal etishga qaratilgan edi. Agar o‘sha davlatlar mamlakat ichki ishlariga aralashishni yana davom ettirsalar, shunda ularning nomlarini oshkor etishga to‘g‘ri keladi, dedi Muhiddin Kabiriy.

Parlament majlisida, "beqarorlikda qo‘li bor davlatlar," iborasi bilan bir qatorda "Tojikiston ravnaqini ko‘rolmaydigan davlatlar," haqida ham so‘z bordi. Garchi bunday davlatlar nomi ham ochiq aytilmadi.

Parlament vakili, Tojikiston Kommunistlar partiyasi rahbari Shodi Shabdolov shunday davlatlar sirasiga O‘zbekiston kirishiga ham ishora qiladi.

"Dalil va fosh bo‘lgan oddiy misolni keltirsak, Rog‘un qurilishiga nega buncha qarshilik bildirishadi, nega O‘zbekiston chegarasidan poyezdlar o‘tishida bunchalik mone‘liklar bor, nega qish oylarida tabiiy gaz berishni to‘xtatib qo‘yishadi," dedi Shabdolov.

Qator kuzatuvchilar shusiz ham taranglashgan O‘zbekiston va Tojikiston munosabatlarini bu xil chiqishlar yanada keskinlashtirishini ta‘kidalashadi. Alla-oqibatda ikki tomondan ham oddiy xalq qiynaladi, deyishadi ular.

Ismini oshkor etishni istamagan o‘zbekistonlik mulozimga ko‘ra, Tojikistondagi voqealar O‘zbekiston xalqi va rahbariyatini ham xavotirga solgan. "Qo‘shning tinch, sen tinch," deya so‘zini yakunladi suhbatdosh.

Tojikistondagi mustaqil nashrlar esa, 1997 yildagi hukumatning va‘dalariga ishonib, yarash bitimini imzolagan sobiq muxolifatning sanoqli faollarini yo‘q qilish amaliyoti davom etayotganligi haqida yozmoqda. "Ana shuni xaspo‘shlash uchun tashqi kuchlar haqida gapirilmoqda," deguvchilar ham bor.