'Markaziy osiyolik himoyachilarning o‘zlari himoyaga muhtoj, yordam bering'

Dunyoning bir qator nufuzli inson haqlarini saqlash tashkilotlari Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Varshava yig‘ini munosabati bilan qo‘shma bayonot chiqarib, Markaziy Osiyodagi inson huquqlari himoyachilarining ahvollariga e‘tibor qaratishni so‘rashgan.

Qo‘shma bayonot Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro hamkorlik tashkiloti, Bo‘lg‘oriston, Moskva, Hollandiya, Norvegiya va Polьsha Xelьsinki qo‘mitalari va Civil Rights Defenders kabi xalqaro tashkilotlar tomonidan chiqarilgan.

Inson huquqlarining himoyasi OXHTining 3-4 oktyabr kunlariga rejalagan yig‘ini kun tartibidagi asosiy masalalardan biridir.

Qo‘shma bayonotda aytilishicha, "Markaziy Osiyoda huquqbuzarlik hollarini aniqlash va javobgarlarni mahkamaga tortishda inson huquqlari himoyachilari muhim o‘rin tutishadi. Ammo buning uchun yaxshigina haq to‘lashlariga to‘g‘ri keladi".

"Faollar qo‘rqitishlar, tahdidlar, oshkora ayblovlar nishoniga aylanishadi, ularga qarshi siyosiy vajlarga asoslangan ayblovlar ilgari suriladi, qamoqqa olinishadi, qiynoq va shafqatsiz munosabatlarga duchor etilishadi hamda mamlakatni tark etishga majbur bo‘lishadi. Yaqinlari va tanishlari ham ta‘qiblarga uchrashadi," deyiladi qo‘shma bayonotda.

O‘zbekiston haqida so‘z ketganda, bor-yo‘g‘i 2 tagina inson huquqlarini himoya etish tashkilotining rasman ro‘yxatdan o‘tkazilgani, ta‘qiblar sabab ko‘plab faollar mamlakatni tark etishga majbur bo‘lishgani, yana o‘ndan ortiqrog‘ining soxta ayblovlar bilan qamoqxonalarda ekanliklari, ularga bosim o‘tkazish uchun bo‘hton qilganlikka oid fuqaroviy da‘volar uyushtirilishi tilga olinadi.

Qo‘shma bayonotda O‘zbekiston hukumati siyosiy vajlarga asoslangan ayblovlar ostida qamoqqa tashlangan inson huquqlari himoyachilarini ozod etishi, bo‘hton qilganlikka oid fuqaroviy da‘volar bilan faollarning jazolanmasliklarini kuzatib borishi shart ekani aytiladi.

Xalqaro tashkilotlarga ko‘ra, inson huquqlari himoyachilarining himoyasini yaxshilash va kuchaytirish uchun OXHTining maxsus vakili tayin etilishi lozim. Hamda ularning himoyasi masalasiga OXHTining dekabr oyiga rejalangan sammiti chog‘ida ham alohida e‘tibor qaratilishi kerak.

Biz O‘zbekistondan inson huquqlari himoyachisi Abdurahmon Tashanov bilan bog‘lanib, xalqaro tashkilotlarning bu kabi tashabbuslariga munosabatini so‘radik:

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди