Tojikiston sharqida kechayotgan amaliyotlarda yana besh harbiy qurbon bo‘lgan

Tojikiston hukumat kuchlari tomonidan mamlakat sharqidagi noqonuniy jinoiy guruhlarni yo‘q etishga qaratilgan amaliyotlarda yana besh harbiy qurbon bo‘lgan.

Bu haqda Tojikistonning Asia-Plus xususiy axborot agentligi xabar tarqatgan. Ayrim xabarlarga ko‘ra, ikki jangari ham o‘ldirilgan.

Birlashgan Tojik Muxolifati sobiq dala qo‘mondonlari boshchiligidagi jangarilarga qarshi harbiy amaliyotlar 22 sentyabrda boshlangandi.

Harbiy amaliyotlarga hukumat askarlari karvoniga qarata Kamarob darasida uyushtirilgan hujum sabab bo‘lgandi.

Hujumda 30 ga yaqin askar qurbon bo‘lgan va o‘ndan ortiqrog‘i yaralangandi.

Kamarob darasidagi mazkur hodisadan so‘ng Rashtda vaziyat keskinlashgan.

Voqeadan sal avvalroq davlat mulozimlari va sobiq muxolifatchi Mirzaxo‘ja Ahmadov o‘rtasidagi muzokaralar bo‘lgandi.

Bunda sobiq dala qo‘mondoni mintaqaga harbiy kuchlar kiritilaversa, ular qaytadan qo‘llariga qurol olishga majbur bo‘lishlari bilan ogohlantirgandi.

Harbiylar 23 avgust tunida Tojikiston Milliy xavfsizlik qo‘mitasining vaqtinchalik saqlash hibsxonasidan qochgan mahbuslarni qo‘lga olish uchun yo‘llanganligi e‘lon qilingandi.

So‘nggi rasmiy xabarlarga ko‘ra, aynan Mirzaxo‘ja Ahmadaov guruhi a‘zolari deb aytilayotgan kishilardan 10 ga yaqini halok etilgan, yana bir nechtasi esa hibsga olingan.

Bir necha kun burun Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmonning buyrug‘i bilan mamlakat Xavfsizlik kengashi rahbari jangarilar bilan uchrashib, ularga o‘z ulьtimatumlarini topishirish uchun Rashtga jo‘nab ketgani xabar berilgandi.

Tojikistondagi mustaqil nashrlar esa, joriy harbiy amaliyotlar 1997 yilda hukumatning va‘dalariga ishonib, yarash bitimini imzolagan sobiq muxolifatning sanoqli faollarini yo‘q qilishga qaratilgani haqida yozmoqda.

So‘nggida shuni alohida ta‘kidlash joizki, axborot agentliklarining matbuot markazlari yopiq qolayotgani va Rasht vodiysi bilan telefon aloqasi yo‘qligi bois, Tojikiston sharqidan lozim ma‘lumotlarni olish oson bo‘lmayotir.