Asqar Akayev: 'Qirg‘izistondagi siyosiy vaziyat meni qiziqtirmaydi'

Sobiq qirg‘iz prezidenti Asqar Akayev Bi-bi-si O‘zbek Xizmati bilan bo‘lgan suhbatida Qirg‘izistondagi siyosiy vaziyat uni qiziqtirmayotgani va umuman siyosatdan uzoqlashganini bildirdi.

Qirg‘izistonning ilk prezidenti bo‘lgan janob Akayev ayrim qirg‘iz siyosatchilarining o‘ziga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atish rejalaridan ham bexabar ekanligini ta‘kidladi.

Asqar Akayev va uning oilasi 2005 yil 24 martdagi "Lola inqilobi"dan so‘ng Moskvaga qochishga majbur bo‘lgandi.

Qirg‘izistonni 15 yil boshqargan janob Akayev hozirda Lomonosov nomidagi Moskva Davlat universitetida matematika fanidan dars beradi.

- Qirg‘izistondagi vaziyat borasida sizga hech narsa deya olmayman. Chunki men 6 yildan buyon Qirg‘izistonda emasman. Hokimiyat uchun kurashayotgan yangi elita va ularning dasturlari hakida biror tushuncham yo‘q. Men hozir vatandan uzoqdaman. U yerdagi vaziyat borasida biror narsa deyishim qiyin, deb aytdi Asqar Akayev.

Qirg‘izistondagi parlament saylovlarida qatnashayotgan nomzodlar haqida fikringiz qanday degan savolga, Asqar Akayev biror partiya yoki siyosatchini qo‘llab-quvvatlamasligini urg‘uladi.

-Saylovlarga qatnashayotgan nomzodlardan birortasini ham tanimayman. Sizga ma‘lumki, oxirgi 5 yil davomida Qirg‘izistonda juda ko‘p narsa tubdan o‘zgardi. Hokimiyat uchun kurashayotgan kuchlar mutanosibligi, qanday partiyalar qatnashayotgani va ular muammolari to‘g‘risida ham ma‘lumotim kam. Meni siyosatdan uzoqlashganimga ancha bo‘ldi. Meni bu narsalar qiziqtirmaydi, deb aytdi Asqar Akayev.

O‘tgan hafta Qirg‘iziston Bosh vazirining muovini Azimbek Beknazarov sobiq prezident Asqar Akayevga nisbatan jinoiy ish qayta qo‘zg‘atilishini bildirgandi.

Asqar Akayev qirg‘iz rasmiylarining jinoiy ish ochish rejasiga befarq ekanligini bildirdi.

"Ehtimol, menga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atishlari mukin. Men O‘tinboyeva, Beknazarov yoki boshqa qirg‘iz siyosatchilari tarqatishayotgan bayonotlarni o‘qiganim ham, eshitganim ham yo‘q," deb aytdi Asqar Akayev.

2005 yil Qirg‘izistonda yuz bergan "Lola inqilobi"dan so‘ng Asqar Akayev va uning oilasi Moskvaga qochishga majbur bo‘lgandi. O‘tgan besh yil davomida Asqar Akayev Qirg‘izistonga biron marta ham tashrif buyurmagan.